“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti davom etmoqda.
Ikkinchi yo‘nalish – inson hayotini saqlab qolishda tezkor, aniq va o‘ta malakali harakatlar talab qilinadigan soha, bu, albatta, tez tibbiy yordam tizimidir. Misol uchun, o‘tkir yurak infarkti yoki insultda dastlabki 1 soatda ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam ham inson hayotini saqlab qolishga, ham kelgusidagi og‘ir asoratlarni kamaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
–Bu sohada ham ko‘plab muammolar borligini mingdan ziyod murojaatlar ko‘rsatmoqda. Birgina misol. Kasbi “Tez yordam” bo‘limi haydovchisi Yusupov, G‘ozg‘on bo‘limi feldsheri Nabiyev tez tibbiy yordam mashinalari eskirib, xizmat sifatiga salbiy ta’sir qilayotganini, joylarda reanimatsiya mashinalari yetishmasligini bildirgan. Umuman, 200 dan ortiq tez tibbiy yordam stansiyalaridagi 3 mingga yaqin mashinaning 75 foizi “Damas” avtomobillari bo‘lib, ularning 670 tasi eskirgan yoki ta’mirtalab ahvolda, – dedi Prezident. – Yoki, bugungi kunda bir tuman yoki viloyatdagi tez tibbiy yordam xizmati, masofasi yaqin bo‘lsa ham boshqa hudud aholisiga xizmat ko‘rsatishi mumkin emas. Misol uchun, Buxoro tumani Sohibkor mahallasiga xizmat ko‘rsatuvchi tez yordam punkti 19 kilometr uzoqlikda joylashgan va yetib borish vaqti kamida 25 daqiqani tashkil etadi. Vaholanki, 8 kilometrda joylashgan Vobkent tumani tez yordam punktidan ushbu mahallaga 10 daqiqada yetib borsa bo‘ladi. Shuningdek, hududlarda tez yordam chaqiruvlarini qabul qilish va taqsimlash haligacha telefon orqali amalga oshirilmoqda. Oqibatda tez tibbiy yordam brigadasi kechikib kelishi bo‘yicha Xalq qabulxonalariga 2021 yilning o‘zida 50 mingdan ziyod shikoyat kelib tushgan.
Muloqotda shu bois, tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, ularni aholiga yanada yaqinlashtirish uchun, alohida Dastur qabul qilinishi ma’lum qilindi. Bunda, eng avvalo, “103” tez tibbiy yordam xizmati respublika, viloyat, shahar va euman darajasida yagona boshqaruv tizimiga birlashtiriladi.
Endi Toshkent shahri tajribasi asosida har bir viloyatda tez tibbiy yordam bo‘yicha elektron avtomatlashgan boshqaruv tizimi joriy qilinadi. Yangi tashkil etiladigan dispetcherlik markazlari chaqiruvlarni bemorning ahvoli, kasallik turi va darajasiga qarab saralaydi hamda shunga asosan tegishli tibbiy brigadalarni yo‘naltiradi.
Bundan buyon, tez yordam tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, balki bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, tuman markazidan 60-80 kilometr uzoqlikda joylashgan 24 ta aholi punktida alohida tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi.
Ular barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar va tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta’minlanadi. 2022–2025 yillarda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Xususan, 2022 yilda 890 ta, 2023 yildan boshlab esa, har yili 450 tadan yangi avtomobil, jumladan, reanimatsiya mashinalari olib beriladi.
Natijada, kelgusi uch yilda tez tibbiy yordam avtoparki to‘liq yangilanadi.
Bu maqsadlar uchun, 65 million dollar jalb qilinadi.
Ushbu choralar evaziga tez tibbiy yordamda chaqiruvlarga yetib borish vaqti 3 barobarga qisqaradi (30 daqiqadan 10 daqiqaga tushadi).
A’lo Abdullayev olgan suratlar.
O‘zA