Ikkinchi jahon urushi. Insoniyat tarixidagi eng qonli qirg‘inbarot. Yoshu qari, ayolu go‘dakni ayamagan urush dahshati oradan yetmish sakkiz yil o‘tibdiki, odamzodning yodidan ko‘tarilmaydi. O‘sha dahshatli kunlar xotiroti, bobolarimiz chekkan uqubatlar osoyishtalikni qadrlamoqqa o‘rgatadi.
Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Poromon qishlog‘ida yashovchi faxriy muallim Muhammadibrohim ota Inomov urushning bor dahshatini boshidan kechirgan, mashaqqatli, olovli yo‘llarni bosib o‘tgan.
Norg‘ul yigitga chaqiruv qog‘ozi kelganida u endigina 19 yoshda edi.
Bugun 101 yoshlik ota farzandlari, nabiralari, evarayu chevaralari ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
[gallery-11783]
Xotira va qadrlash kuni oldidan otaxon xonadoni har qachongidan gavjum. Viloyat rahbari Shavkat Abdurazzoqov ham otaxonni bayram bilan qutlagani kelgan. Hokim Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 78 yilligi bilan otaxonni samimiy muborakbod etib, Prezidentimizning tabrigini o‘qib eshittirdi. 18 million so‘m pul mukofotini va sovg‘a-salomlarni topshirdi.
– Davlatimiz rahbarining xalq farovonligini o‘ylab yuritayotgan siyosati tahsinga loyiq, - deydi hamon yurt taqdiriga o‘zini daxldor his qilib, duoga qo‘l ochgan otaxon. – Mana yaqinda Germaniyaga borib, shartnomalar tuzib qaytdilar. Bu ham xalq uchun xizmat qiladi.
Muhammadibrohim otaga shuningdek, Nuroniylar kengashi tashakkurnomasi va mukofoti topshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA