English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
101 noma’lum askarning bittasi Rayim Salomov ekani ma’lum bo‘ldi
14:29 / 2022-05-11

Rayim Salomov – “101 noma’lum askar” guruhidagi shaxsi aniqlangan ilk askar. U 1922 yil Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan.

Kasbi – o‘qituvchi bo‘lgan. 1941 yilda Ikkinchi jahon urushiga ketib bedarak yo‘qolgan. Joriy yilda Niderlandiyaning Amersfort shaharchasi Rusxoft qabristonida dafn etilgan “101 o‘zbek askarlari” qabridan tuproq olib kelinib, Xatirchi tumanidagi "Bog‘ishamol" mahallasi qabristonida yodgorlik o‘rnatildi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati, “Mahalla” jamoat fondi viloyat bo‘limlari, tuman hokimligi, loyiha ishtirokchilari va keng jamoatchilik vakillari R.Salomovning nomini abadiylashtirish maqsadida uning oila a’zolari bilan uchrashdi. Fondning Xatirchi tumani bo‘linmasi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan nabirasiga 7 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. 

Niderlandiyaning Amersfort konslageri. O‘zbek asirlari uch kun och qoldirildi. Ularga bir tishlam ham yegulik berilmadi. Uch kundan so‘ng ularning oldiga bittagina non tashlandi. Hamma asirlar jim. Fashistlar esa ularning bir tishlam non uchun bir-birlari bilan talashib, o‘ldirishlarini ko‘rmoqchi edi. Bir muddat vaqt o‘tgach, asirlardan biri ohista o‘rnidan turib, nonni qo‘liga oldi va peshonasiga surtdi...
Fashistlarning rejasi amalga oshmadi. Bu sahnalarni rejissyor Hamidulla Hasanovning Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik bir yuz bir askarning mardona va fojiali taqdiri haqida hikoya qiluvchi “101” filmida tomosha qilganmiz.

Ha, Ikkinchi jahon urushi insoniyat boshiga misli ko‘rilmagan kulfatlarni olib keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, qariyb ikki millionga yaqini urushda qatnashgan. Ularning 538 ming nafardan ko‘prog‘i jang maydonlarida halok bo‘lgani, yana qancha-qanchasi nogiron bo‘lib qaytgani, bedarak yo‘qolgani hisobga olinadigan bo‘lsa, bu g‘alaba xalqimiz uchun naqadar qimmatga tushganini ko‘rish mumkin. 

Ikkinchi jahon urushi davrida Niderlandiyadagi konslagerda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan qiynoqlarni boshdan kechirgan 101 nafar noma’lum o‘zbek askarlari qismatidan endi xabardormiz. Faqatgina ularning ism-sharifini bilmaymiz, xolos. Niderlandiyalik jurnalist, tarixchi Remko Reyding 101 noma’lum askar haqida birinchilardan bo‘lib tadqiqotlar olib borib, bir qancha ma’lumotlar to‘plagan. To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, matonatli 101 askarning 24 nafari 1941 yilning qahraton qishidan chiqolmay ochlik va kasallikdan halok bo‘lgan, qolgan 77 nafari 1942 yil 9 aprelda otib tashlangan. 

2020 yilda Navoiy viloyati hokimligi tashabbusi bilan 101 askarning shaxsini aniqlash va ularga tegishli ma’lumotlarni o‘rganish uchun alohida loyiha tashkil etilgan edi. Jonibek Shuhratov boshchiligidagi loyiha ishtirokchilari Niderlandiyaga borib arxiv materiallari bilan tanishib, muhim ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan edi. Tadqiqot davomida Rayim bobo xat yozish uchun uy manzilini yozgan qog‘oz sababli 80 yil deganda uning yaqinlari topiladi. Shunday qilib, 101 nafar noma’lum o‘zbek askarlarining biri endi “noma’lum emas”.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA