O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi raisi, partiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev boshchiligidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh Toshkent shahrining Sergeli va Chilonzor tumanlarida joylashgan bir qator ishlab chiqarish korxonalari va infratuzilma inshootlari faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganish doirasida “Profpack” korxonasi, Chilonzor tumanida ishga tushirilgan yangi kogeneratsiya inshooti hamda alyumin eshik va derazalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ALUTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

O‘rganish jarayonida mazkur korxonalarda ekologik talablarga qay darajada rioya etilayotgani hamda atrofidagi yashil hududlarni yanada kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, korxonalar tomonidan ichki va tashqi bozor uchun sifatli mahsulotlar tayyorlanayotgani, yangi ish o‘rinlarining yaratilayotgani ham ishchi guruh a’zolarining diqqat-markazida bo‘ldi.
Chiqindilarni qayta ishlovchi “Profpack” korxonasi tomonidan bir sutkada 120 tonnagacha chiqindi qayta ishlanib, talabga qarab turli ko‘rinishdagi qog‘oz qutilar tayyorlanar ekan. Korxonada 400 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, hozirda 300 nafar xodim ish bilan ta’minlangan. Partiya rahbari chiqindilarni qayta ishlash bugungi kun uchun juda muhim ekanini qayd etib, 1 tonna qog‘ozni qayta ishlash orqali 17 tup daraxtni kesilishdan asrash mumkinligini ta’kidladi. Bir kunda o‘rtacha 100 tonna qog‘oz chiqindisini qayta ishlash orqali esa 1 ming 700 tup daraxtni saqlab qolish mumkin.

Ishchi guruhning navbatdagi manzili Chilonzor tumanida ishga tushirilgan issiqlik va elektr ta’minotini yaxshilash, shu bilan birga ekologik xavfsizlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yangi kogeneratsiya inshooti bo‘ldi. O‘rganishlarda ma’lum qilinganidek, ushbu inshootning quvvati soatiga 4,6 megavatt elektr energiyasi va 29 gigakaloriyadan ortiq issiqlik ishlab chiqarishga yetadi. Inshoot yiliga 5,3 million kub metr tabiiy gazni tejash imkonini berib, atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalarni 67 foizgacha kamaytiradi hamda oqova suv chiqindilari umuman bo‘lmasligi ko‘zda tutilgan.
Alyumin eshik va derazalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “ALUTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishish jarayonida ishchi guruh e’tiborini tortgan jihat jamiyatning birinchi korxonasida o‘rnatilgan 520 ta filtrdan iborat zamonaviy texnologiya bo‘ldi. Mazkur texnologiya alyuminiyni qayta ishlashda ajralib chiqadigan, inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan zararli moddalarni 99 foizgacha tozalash imkonini beradi. Korxona ekologik normalarga to‘la amal qilgan holda faoliyat olib bormoqda. Jamiyatning ikkinchi katta korxonasida ham 1 ming 100 ta filtrdan iborat zamonaviy tozalash tizimi hamda suvni qayta ishlash texnologiyasi o‘rnatilgan.

Muloqot davomida partiya rahbari har bir korxona ana shunday zamonaviy filtrlarni joriy etishi shartligini alohida ta’kidladi. Bu ekologik talablarga rioya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar deputatlar nazoratiga olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA