French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
10 yillik muammo bir necha kunda o‘z yechimini topadigan bo‘ldi
15:56 / 2021-04-18

Xabaringiz bor, xalq bilan muloqot qilish va aholi muammolarini o‘rganishda mahallabay ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur mexanizmning muhim jihati aniqlanayotgan masalalarning qisqa fursatlarda hal etilayotganidir.

Bunda odamlarni qiziqtirayotgan,  qiynayotgan muammolarga quloq tutilayotgani, har bir insonning dardi tinglanayotgani masalaning asl mohiyatiga kirib borish, uni joyida hal etish imkonini bermoqda.

Darhaqiqat, ushbu jarayonda adliya, davlat xizmatlari markazi, FHDYO va notarial idora mas’ullarining ishtiroki muhim o‘rin tutadi.  

Chunki joylarda asosan mazkur sohalarga oid yechimini kutayotgan masalalar talaygina.  

Fuqarolarga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish hamda muammolarini hal etish yuzasidan Samarqand viloyatining barcha tuman, shaharlari chekka va olis hududlarida tashkil etilgan navbatdagi sayyor qabullarda ana shunday muammolar xonadonma-xonadon yurib o‘rganildi.

Jumladan, 4648 nafar aholi istiqomat qiladigan Samarqand shahrining chekka hududida joylashgan «Do‘stlik» mahallasida yashovchi Dilshod Sattarov oila qurganiga bir necha yil bo‘lgan bo‘lsada, qonuniy nikohdan o‘tmaganligi aniqlandi. Unga Samarqand shahar 2-son FHDYO bo‘limi mudirasi Shohida Nurullayeva tomonidan huquqiy tushuntirishlar berilib, oilaning qonuniy nikohi rasmiylashtirilib beriladigan bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu mahallada yashovchi Saodat Nabiyeva ham onasidan meros qolgan uy-joyni o‘z nomiga rasmiylashtirish masalasida qariyb 10 yildan buyon sarson-sargardon bo‘lib, eshigini qoqib bormagan tashkiloti qolmagani, ammo muammosi hal bo‘lmayotganini ta’kidladi.  

Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi xodimi va notarial idora vakillari tomonidan fuqaroga mazkur masalani qonuniy hal qilish choralari tushuntirildi.  

«Mahallabay» tizimi asosida tashkil etilgan ushbu sayyor qabul jarayonida 10 yilda hal bo‘lmagan masala bir necha kun ichida o‘z yechimini topadigan bo‘ldi.  

2008 nafar aholi yashab kelayotgan «Xaymari poyon» MFY fuqarosi bo‘lgan Gulilola Nartojiyeva ham o‘z yashasha hududidan chiqmagan holda STIR raqami, shuningdek, pensiya daftarchasi olishga musharraf bo‘ldi.

Shuningdek, Tayloq tumani «Elipok» qishlog‘ida tashkil etilgan ana shunday tadbirlar davomida hududda yashovchi fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berilib, sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.  

Xususan, uchrashuvda 15 nafardan ortiq fuqarolarning murojaatlari qabul qilindi. Kattaqo‘rg‘on shahar «Oqoltin» mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan sayyor qabullarda esa 50 nafar fuqarolar asosan uy-joy, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, egalik huquqini belgilash, subsidiya asosida uy-joy sotib olish, aliment, tug‘ilganlikni qayd qilish, qonuniy nikohdan o‘tish, ijtimoiy nafaqalar tayinlash, bolalarini davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish va shu kabi boshqa huquqiy masalalar yuzasidan murojaat qildi. Kelib tushgan murojaatlar shu yerda o‘rganilib, ularning aksar qismi hal qilindi. Qolgan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha hamkor tashkilotlarga yuborildi.

Ma’lumki, Prezidentimizning joriy yil 23 martdagi «Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmoni bilan 17 turdagi hujjat va ma’lumotlarni so‘rash bekor qilindi.  

Tadbirlar davomida aholi muammolari o‘rganilishi asnosida ushbu farmonning mazmun-mohiyati ham   aholiga yetkazildi.  

Bundan tashqari, davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasining zamonaviy tarzda jihozlangan mobil avtobusida fuqarolarga joyida davlat xizmatlari ko‘rsatildi.