Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
10 sotixdagi malinadan bir yilda bir tonnaga yaqin hosil olish mumkin
10:32 / 2024-06-15

Farg‘ona tumanidagi Vodil qishlog‘i ahli tomorqada yiliga ikki marta hosil beradigan malina yetishtirishda boy tajriba to‘plagan.

Hozirda tumanning o‘n beshdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida malina yetishtirilmoqda. Bu yerlardagi mavjud 148 gektar maydondagi aholi tomorqalaridan joriy yil may-iyun oylarida bir yarim ming tonnadan ziyod rezavor meva yig‘ib olinishi ko‘zda tutilgan. 

Xususan, tumandagi “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida ham asosiy drayver yo‘nalish malinachilikdir. Yilning ayni iyun oyi malina g‘arq pishgan palla hisoblanadi. 

– Tumanimiz markazida malina savdosi uchun mavsumiy bozor ham tashkil qilingan, - deydi “Bo‘ston” MFY raisi Qodirjon Dadajonov. – Shu yo‘l orqali fuqarolarimizning o‘z mahsulotlarini sotish bilan bog‘liq bo‘lgan qiyinchilik va ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berilmoqda. Bugungi kunda mahallamizda 743 ta xonadonning har birida malina yetishtiriladi. Terish jarayonlarida ishchi kuchi yetishmay, hatto qo‘shni hududlardan ham yollanma ishchilar jalb qilinadi. 

Malina shifobaxsh o‘simligi oilaviy biznesni rivojlantirish bilan birga oila a’zolarini doimiy ish bilan ta’minlash, mo‘may daromad hisobiga turmush farovonligini oshirish imkonini bermoqda.

Bahromjon Usmonov ham shu mahalladagi usta tomorqachilardan biri. U o‘ttiz sotixli tomorqaning yigirma sotixida uzoq yillardan buyon malina yetishtirib keladi. Tomorqaning har bir qarichidan unumli foydalanib, qilayotgan mehnati aslo zoye ketmaydi. Malinadan tashqari pomidor, sabzi, kartoshka ekadi. Hosilga kirgan nok, olma, o‘rik, gilos, yong‘oq kabi mevali daraxtlar xonadon sohibining qanchalik mirishkor ekanini ko‘rsatib turibdi.

[gallery-17867]

– Malinachilik bilan, chamasi, o‘tgan asrning 70-yillaridan buyon shug‘ullanib kelaman, - deydi Bahromjon Usmonov. – Malina, eng avvalo,  parvarishni, shu bilan birga, suvni yaxshi ko‘ruvchi madaniy ekin hisoblanadi. Shu bois unga mehr bergan kishi mehnatining samarasini ko‘raveradi. Keyingi yillarda malinadan yiliga o‘rtacha 70-80 million so‘m daromad olyapman. Malinani asosan oilaviy – o‘g‘lim, qizim, kelinim bilan parvarishlaymiz. Malina pishib yetilgach, terish uchun yollanma ishchilardan ham foydalanamiz. 

– Tomorqamning 20 sotix maydonida malina yetishtiraman, - deydi shu mahallaning yana bir fuqarosi Umidjon Qodirov. – Bu rezavorni yetishtirishning o‘z zavqi bor. Yerlarimizning unumdorligi, havoning sofligi ham malinachilikka mosdir. Shu bois malina yetishtirishda qiyinchiliklarga duch kelmaymiz.

Vaqtida kerakli miqdordagi mineral o‘g‘itlarni ko‘chatlar ostiga solamiz va  parvarishlaymiz. Evaziga har yili mo‘l hosil olamiz. 

Ta’kidlash joizki, shu kunlarda ichki bozorlarimizda malinaning bir kilosi 20-25 ming so‘mdan sotilyapti. 10 sotix yer maydonida malinadan o‘rtacha hisobda bir yilda (ikki marotaba hosil olishi hisobiga) bir tonnaga yaqin hosil olish mumkin. 

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA