Samarqand viloyati adliya organlariga biriktirilgan 33 ming nafar yoshni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning bandligini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Xususan, Paxtachi tuman Davlat xizmatlari markaziga biriktirilgan Tadbirkor mahallasidagi 10 nafar yoshga ishlab, daromad qilishi uchun markaz tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatildi. Natijada bu yoshlar onlayn auksionda ishtirok etib, bo‘sh turgan yerlarni uzoq muddatli ijaraga oldi. Endilikda yer egasi bo‘lgan yoshlar “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot, poliz, dukkakli va moyli ekinlar ekib, daromad olishi mumkin.

Bugungi kunda tuman hokimliklari zaxirasida bo‘lgan 60 ming gektar yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga ijaraga berilmoqda. Elektron onlayn auksion savdolari g‘oliblari yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri