Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida xalqaro investitsiyaviy hamkorlikka oid yangi yo‘nalish yuzasidan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev Xitoylik tadbirkor Li Shyan Chin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Mehmonlar Guliston hududida manzarali daraxtlar va sarimsoqpiyoz yetishtirishga ixtisoslashgan yirik qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirish taklifini ilgari surdilar.
Uchrashuvda 200 gektar maydonda Xitoydan olib kelinadigan ko‘chatlar asosida ko‘chatchilik plantatsiyasini tashkil etish, ularni qayta ishlab, tayyor mahsulotlar ko‘rinishida eksport qilish rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan yerlarda sarimsoqpiyoz yetishtirish loyihasi ham taklif etildi.

Loyihalarni amalga oshirish uchun 10 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Bu nafaqat tuman iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, balki agro sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali hosildorlikni oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tuman hokimi tomonidan loyihalar ijobiy baholanib, amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy jihatlari bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Jumladan, yer uchastkalarini auksion orqali xarid qilish va fermerlar bilan shartnomalar asosida hamkorlik qilish tartiblari tushuntirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishib oldilar. Shuningdek, delegatsiya tuman hududidagi sug‘oriladigan yer maydonlarini ko‘zdan kechirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri