O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida 2026-2027 yillarda ajratiladigan mablag‘larning kamida 10 foizigacha qismi 15 martga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan alohida dastur asosida ko‘p kvartirali uylarning tutash hududiga daraxt va butalar ekish hamda ularni sug‘orish tizimi bilan ta’minlash uchun yo‘naltiriladi.
Ko‘p kvartirali uylarning tutash hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, ma’lumotlar "Mening uyim" axborot billing tizimida aks ettirib boriladi.
Ko‘p kvartirali uylardagi markazlashgan ichimlik suvi iste’molchilariga daraxt va butalarni sug‘orish ishlarini hisoblagichlar o‘rnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Vazirlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari boshqaruvchilar bilan birgalikda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ekilgan daraxt va butalarning saqlanishi va butligiga mas’ul hisoblanadi.
2026 yil 1 iyuldan boshlab:
a) Toshkent shahrida ko‘p kvartirali uylarda umumiy yig‘ilish o‘tkazishni tashabbus qilish, o‘tkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan hisobotlarni taqdim qilish, murojaatlarni qabul qilish va ularni ko‘rib chiqish faqat "Mening uyim" ABTda amalga oshiriladi, 2027 yildan boshlab mazkur tartib respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi;
b) majburiy to‘lovlar va ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni ijaraga va foydalanishga berishdan tushadigan to‘lovlar hisobi faqat "Mening uyim" ABT orqali yuritiladi;
v) majburiy to‘lovlar faqatgina bank kartalari, elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi;
g) majburiy to‘lovlar hamda umumiy mol-mulkni ijaraga berish va foydalanish hisobiga kelib tushgan mablag‘larning alohida hisobini yuritish uchun har bir ko‘p kvartirali uyga (joy mulkdorlari nomiga) bank hisob raqami ochiladi;
d) foydalanishga topshirilgan ko‘p kvartirali uylar - 2026 yil 1 iyulga qadar boshqaruvchilarning murojaatiga asosan, kelgusida foydalanishga topshiriladigan uylar foydalanishga qabul qilingan sanadan boshlab bir oy ichida quruvchi tashkilotning murojaatiga asosan hisobga qo‘yiladi, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami beriladi va bank hisob raqami ochiladi;
j) umumiy yig‘ilishda boshqaruvchini tanlash to‘g‘risida qarorda ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamini ham boshqaruvga berish nazarda tutiladi, mulkdorlarning umumiy yig‘ilishi qaroriga asosan ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechilganda hisob raqamni boshqarish ham to‘xtatiladi;
z) ko‘p kvartirali uyning umumiy mol-mulkini, tutash yer uchastkalarini saqlashga, ulardan foydalanishga, ta’mirlashga va boshqa ko‘p kvartirali uyga doir ishlarning yillik rejasi va moliyalashtirish bo‘yicha smetasi oylar kesimida aniq ishlar va mablag‘lari ko‘rsatilgan holda umumiy yig‘ilish qarori bilan tasdiqlanadi, ushbu masaladagi umumiy yig‘ilish qarori loyihasi har yili yanvar oyida "Mening uyim" ABTda shakllantiriladi;
i) umumiy yig‘ilishda boshqarish usuli to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan va boshqaruvchi belgilanmagan, boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan yoki to‘xtatib turilgan hollarda ko‘p kvartirali uylardagi mulkdorlar majburiy to‘lovlarni bank hisob raqamiga umumiy yig‘ilish qarori bilan belgilangan miqdorlarda, bunday qaror qabul qilinmagan taqdirda esa qonunchilikda belgilangan minimal tarif bo‘yicha to‘lab borishi shart;
k) umumiy mol-mulkni ijaraga berishdan tushumlar, mobil aloqa uchun antennalar o‘rnatish, reklama joylashtirish va boshqa shu kabi umumiy mol-mulkni ijaraga berish va foydalanish hisobiga olinadigan daromadlar ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamiga majburiy tartibda yo‘naltiriladi va mulkdorlarning daromadi hisoblanadi;
l) ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamidagi mablag‘lar smetaga muvofiq har oyda, birinchi navbatda, ko‘p kvartirali uyning elektr energiyasi xarajatlari uchun yo‘naltiriladi, mulkdor ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamiga har oyning 15-sanasigacha majburiy to‘lovlarni amalga oshirmasa, uning qarzdorligi bartaraf etilmagunga qadar elektr energiyasi uchun to‘lovlari qabul qilinmaydi;
m) mulkdor ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamiga har oyning 15-sanasiga qadar majburiy to‘lovlarni amalga oshirmasa, har bir kechiktirilgan kun uchun "Mening uyim" ABTda kechiktirilgan to‘lov summasiga nisbatan yuridik shaxslar uchun 0,4 foiz, jismoniy shaxslar uchun 0,1 foiz miqdorida, birok, har oy uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya hisoblanadi, bunda hisoblangan penya bo‘yicha to‘lovlar teng ulushlarda ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamiga ham ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamidagi mablag‘lardan faqat yillik ish reja va smetaga muvofiq joriy oyda har bir turdagi xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablag‘larning cheklangan summasi doirasida foydalanadi (elektr energiyasi va avariyani bartaraf etish uchun xarajatlar bundan mustasno), bunda qo‘shimcha xarajatlar uchun mablag‘lar umumiy yig‘ilish qarori asosida ajratiladi;
o) avariya holatlarini tezkor bartaraf qilish uchun bir ko‘p kvartirali uyning mablag‘lari boshqaruvchining boshqaruvida bo‘lgan boshqa ko‘p kvartirali uyga "Mening uyim" ABT orqali mulkdorlarga hisobot berish sharti bilan sarflanishi mumkin;
p) boshqaruvchi har chorak yakuni bilan amalga oshirilgan ishlar, bank hisob raqamidagi daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni "Mening uyim" ABTda shakllantirib boradi;
r) ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni ijaraga berish "Ye-auksion" elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi va barcha mablag‘lar (auksion xarajatlari bundan mustasno) tegishli ko‘p kvartirali uyning bank hisob raqamiga yo‘naltiriladi.
O‘zA