Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
10 dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun
12:05 / 2023-12-10

Muhtasham qo‘shiq

Har bir yangi kun O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlanadi.  Har tong Vatanimiz uzra ushbu muazzam tarona yangraydi.  

O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, atoqli kompozitor, musiqa san’ati bilimdoni Mutavakkil Burhonov musiqasi bilan boshlanuvchi ushbu muqaddas qo‘shiq har birimizning yuragimizdan joy olgani aniq.  

Mamlakatimiz rahbarining jahonning turli davlatlariga tashrifi, oliy martabali xorijiy mehmonlarning yurtimizga kelishi, respublikamizdagi nufuzli anjumanlar, yirik tadbirlar, xalqaro va respublika miqyosidagi sport musobaqalari madhiyamiz bilan boshlanadi.

Bu aziz tarona nechun qalblarimizdan mustahkam o‘rin olgan?! Donishmand shoirimiz Abdulla Oripov nomdor bastakor bilan birga  uning har bir so‘zi ustida mohir zargar kabi puxta ishlaganlari yaqin  tariximizga oid manbalardan yaxshi ma’lum. Madhiyamiz so‘zlari oddiy, ravon, xalqchil, jaydari, shu bilan birga odamlar yuragiga yaqin jumlalardan iborat ekani ko‘p marta e’tirof etilgan. Uning musiqasi insondagi ezgu tuyg‘ularga esh ekani bilan birga qalbimizga cheksiz g‘urur, iftixor, shu aziz diyor uchun, uning taqdiri va kelajagi uchun cheksiz faxr uyg‘otishi aniq!

Madhiyamizni baralla ijro etarkansiz, uning mangu qo‘shiq ekanini yana bir karra anglaysiz. Sport musobaqalarida g‘alaba qozongan hamyurtlarimiz, harbiylar, hatto maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan bolajonlar, barchamiz bu qo‘shiqni qo‘limiz ko‘ksimizda bo‘lgani holda mag‘rur  aytamiz. Zero, madhiyamiz yurakdan chiqib, yuraklarga yetib boruvchi, jahon uzra baralla yangraydigan mangu, muhtasham taronadir. Unda shonli tariximiz, Vatanimizning, mehnatkash xalqimizning salohiyati, kuch-qudrati, ma’rifatparvar bobolarimizning orzu-umidlari, yurt istiqboli mujassam.

Shu kunlarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan yurtimizning barcha go‘shalarida bayram tadbirlari, ma’rifiy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlarda madhiyamizning yaratilish tarixi, uning ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati  xususida batafsil so‘z yuritilmoqda.  

Dunyoda O‘zbekiston deb atalmish diyor bor ekan, uning madhiyasi mangu yangraydi!

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri