Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
10 daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlar reklama bilan uzib qo‘yilmaydi
18:01 / 2022-02-08

Bugun hayotimizning har bir jabhasida reklama va marketing tizimidan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu, albatta, zamon talabi, axborot makonidagi muhim ehtiyojlardan biridir.

 Ayni paytda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni umumiy tusga ega bo‘lib, reklama faoliyati bilan bog‘liq munosabatlar to‘liq qamrab olinmagan. Bundan 23 yil avval —1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan,  30 ta moddadan iborat qonunga bugungi kunga qadar 15 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.  
 
Ammo shunday bo‘lsa-da, unda reklama faoliyatiga qo‘yiladigan talablar yetarli emas, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmagan. Huquqni qo‘llash amaliyotida ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, reklama ob’ektining xavfsiz bo‘lishiga oid talablar mavjud emas. Masalan, dori vositalari, biologik aktiv va oziq-ovqat qo‘shimchalari, bolalarga mo‘ljallagan oziq-ovqatlar, alkogolli va energetik ichimliklar reklamasiga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagan.   
 
Shu bois yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilib, ayni paytda Senatda ko‘rib chiqilmoqda.   
 
Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishida yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.   
 
Yig‘ilishda mazkur qonunni qabul qilishga bo‘lgan zaruratga e’tibor qaratildi. Yangi tahrirdagi qonun bilan normalarni qo‘llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, yangi tushunchalar kiritilmoqda. Masalan, “reklama ob’ekti”, “nomaqbul reklama”, “axloqsiz reklama”, “yashirin reklama”, “homiylik” kabi yangi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda.  
 
Shuningdek, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikatsiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda. Jumladan, telekanallarda davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.   
 
Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanmoqda.  Bundan tashqari, olimlar va tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, reklama qilinayotgan dori vositalarining ta’siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo‘lgan tavsiyalardan foydalanish taqiqlanmoqda.   
 
Qonunning yana bir muhim ahamiyatli tomoni shundaki, voyaga yetmaganlarni ularning ishonchi va tajribasi yetishmasligini suiiste’mol qilishdan himoya qilish tartibi alohida keltirilgan.   
 
Yig‘ilishda mazkur qonun ayni paytda Senat qo‘mitalarida hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokamalardan o‘tayotgani, barcha taklif va tavsiyalar inobatga olinishi va tegishli xulosa qabul qilinishi nazarda tutilgani ta’kidlandi.   
 

Muhtarama Komilova, O‘zA