AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi boshqarma boshlig‘i Nurbek Po‘latovning ma’lum qilishicha, 2024 yil 1 yanvardan schyotchiklarsiz yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi.
Respublikamizning 7 ta viloyati 21 ta tumanida yer osti suvlari sathining 5 metr va undan ortiq pasayib ketayotgan holatlari qayd etilib, mazkur hududlarda suvga quduq burg‘ilash va ulardan foydalanish bo‘yicha moratoriy joriy etildi.
Moratoriy joriy etilgan hududlar yer osti suvlari holatidan kelib chiqib, har yili yangilab boriladi hamda vazirlikning veb-sayti va boshqa ochiq manbalarda e’lon qilinadi. Yer osti suvlari sathining o‘rtacha ko‘p yillik sathga nisbatan 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yer osti suvlaridan faqat ichimlik maqsadlarida foydalanish mumkin.
Bunda yerlarni sug‘orish va ishlab chiqarish maqsadlariga gidrogeologik xulosa berish, yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sug‘orish taqiqlanadi.
Olinayotgan yer osti suvlari hisobini aniq yuritish va suvni tejash choralarini amalga oshirish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab suv hisoblash vositalari bilan jihozlanmagan, ya’ni soddaroq qilib aytganda schyotchiklarsiz yer osti suv olish inshootlaridan foydalanish taqiqlanadi.
Bunda suv hisoblash vositalarisiz yer osti suvlaridan foydalanganda soliq to‘lovi soliq stavkasining besh baravari miqdorida undirilishi belgilanganini alohida qayd etish lozim.
Yer osti suvlarini monitoring qilish va ulardan samarali foydalanish, aholi va ob’ektlarni xavfli geologik jarayonlardan muhofaza qilish bo‘yicha Davlat geologik monitoring xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bunda yer osti suvlariga noqonuniy quduq burg‘ilash va ruxsatsiz yer osti suvlaridan foydalanish bo‘yicha monitoring va nazorat tadbirlari kuchaytirildi.
Qayd etilishicha, moratoriy joriy etilgan hududlar, ya’ni yer osti suvlari sathi pasaygan hududlarda suvga quduq burg‘ilashga gidrogeologik xulosa olish uchun 43 ta ariza rad etildi. Yer osti suvlariga quduqlarni noqonuniy burg‘ilash va suv tejovchi texnologiyalarsiz suvdan foydalanish holatlari bo‘yicha Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga 99 ta ko‘rsatma taqdim etildi.
Yer osti suvlariga quduqlar burg‘ilash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli 618 ta burg‘ilash uskunalarining ro‘yxati shakllantirildi. Burg‘ilash uskunalarini GPS-trekerlar bilan jihozlanishini ta’minlash maqsadida ularning holati va turgan joyini ko‘rsatuvchi alohida axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA