1996 yil 27 dekabrda 1 - oktyabr kunini "O‘qituvchi va murabbiylar kunini belgilash to‘g‘risida"gi Qonuni imzolangan. Yangi qonun ushbu bayramda mehnati qadrlanadigan kasblar doirasini kengaytirdi. Ya’ni bu kun nafaqat o‘qituvchilar, balki barcha ustoz va murabbiylar bayrami deb belgilandi. Shu tariqa kalendardan yana bir sana – 1 oktyabr davlat bayrami (dam olish) kuniga o‘rin ajratildi.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, “O‘qituvchilar kuni” dunyoning aksariyat mamlakatlarida, shu jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Polsha, Braziliya, Litva, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Hindiston, Eron, Tunis, Marokash, Misr, Saudiya Arabistoni, Yaman, Bahrayn, Ummon, Kuba, Chili, Ekvador, Argentina, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarida keng nishonlanadi. Ammo, o‘qituvchi va murabbiylar kunini “dam olish kuni” deb e’lon qilgan davlatlar (O‘zbekiston – 1 oktyabr, Tailand – 16 yanvar) ozchilikni tashkil etadi.
Yangi qabul qilingan qonun mamlakatda o‘qituvchi va murabbiylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoyasini mustahkamlashda muhim huquqiy asos bo‘ldi. Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlarini tartibga solish, umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining mehnatini rag‘batlantirish choralarini ko‘rish bo‘yicha tizimli ishlar davlat siyosati darajasida olib borildi.
Yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, ta’lim-tarbiya tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yoshlarga ilm-fan asoslarini va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi fidoyiligi uchun o‘qituvchi va murabbiylarga “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” kabi faxriy unvonlar joriy qilindi.
Bugungi kunda ham ushbu kasb egalari e’zozlanib, yosh avlodni tarbiyalashdagi ularning fidoiy mehnati qadrlanib kelmoqda.
Fursatdan foydalanib yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha ustoz va murabbiylarni bugungi bayram bilan tabriklaymiz, mas’uliyatli faoliyatlarida muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini, har doim xalqimiz va shogirdlar ardog‘ida aziz bo‘lishlarini chin dildan tilab qolamiz.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/vyHk3PcxkzA?si=wwSWv8gI2kRSuLgi" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA