Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1 ming 783 nafar abituriyentning sertifikati o‘z tasdig‘ini topmadi
10:36 / 2023-07-27

Ma’lumki, chet tilidan B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalariga kirishda chet tili fanidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi. Undan pastroq sertifikatlar, masalan, B1 sertifikati qabul qilinmaydi.

Aslida qanday sertifikatlar talab etiladi?  

Mazkur savolga Bilim va malakalarni baholash agentligi boshqarma boshlig‘i Abduvahob Hayitov javob berdi.  

Qayd etilishicha, ingliz tili uchun IELTS 5,5, Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE, Cambridge Assessment English Linguaskill xalqaro imtihon tizimlari yoki milliy imtihon tizimi sertifikatlari bo‘lsa, B2 daraja;  

yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;  

nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori; 

fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Française (TCF4) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;  

boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori sertifikatlar talab etiladi.  

Shuningdek, mutaxassisning ma’lum qilishicha, abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida mazkur sertifikat ma’lumotlari tizimga kiritiladi va ularning sertifikatlari mutaxassislar tomonidan tekshiriladi. Joriy yilgi abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish jarayonida abituriyentlar tomonidan 30 mingga yaqin chet tili sertifikati tizimga yuklandi.  

Ularning 28 ming 13 tasi tasdiqlandi. 1 ming 783 nafar abituriyentning sertifikati o‘z tasdig‘ini topmadi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA