Uzoq yillardan buyon markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yetib bormagan yoki buni imkoni bo‘lmagan olis qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosi hal etilmay kelayotgan edi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur muammo yirik markazlashgan ichimlik suv infratuzilmasini qurish bilan emas, balki alohida bir aholi punkti uchun mo‘ljallangan lokal ichimlik suv ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish yo‘li bilan yechimini topishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov bilan ayni mavzu yuzasidan suhbatlashdik.
– 2021 yildan boshlab qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida lokal ichimlik suv ta’minoti tizimlarini qurish loyihalari davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi, – deydi A.Ahmedov. – Yaqin kelajakda 5 million nafarga yaqin aholi davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 25 sentyabrdagi “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizm joriy etildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, barcha uchun toza ichimlik suvidan umumiy va teng huquqli foydalanish imkoniyatini ta’minlash o‘ta muhim sotsial va ijtimoiy ahamiyatga molik masala ekanligini e’tiborga olgan holda ushbu vazifa mazkur Farmon bilan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Xususan, vazirlik xar yili aholi soni 15 ming nafardan kam bo‘lmagan, markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini tanlov asosida beradi.
Tanlangan NNT vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan loyihalashtirish, qurish va qurilishi yakunlangan ob’ektlarni ekspluatatsiya qilish jarayonlarini tashkil etadi.
O‘z navbatida, vazirlik loyihalarning samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi va monitoringini yuritadi hamda mablag‘larning maqsadli sarflanishini nazorat qiladi.
Davlat ijtimoiy buyurtmalar loyihalarini moliyalashtirish asosan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va ushbu maqsadlarda 2021 yilda vazirlikka alohida 14 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Keyingi yillarda loyihalarini moliyalashtirish uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar va loyihalar soni tegishli tashkilotning asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra oshirib boriladi.
Farmonga muvofiq, 2021 yilda sinov tariqasida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida loyihani amalga oshirish jarayonlari boshlanadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyihalarning samarali amalga oshirilishi, avvalo, joylardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari va bevosita aholining faol ishtirokini talab etadi. Loyihani amalga oshirish uchun qishloq aholi punktini tanlab olish, qurilish-montaj ishlarini tashkil etish va kelgusida ob’ektdan foydalanish kabi masalalar bevosita aholi bilan kelishilgan holda, ularning roziligi bilan va bevosita ishtirokida amalga oshiriladi.
Xususan, davlat ijtimoiy buyurtma loyihalari aholining kamida 85 foizi lokal ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish tashabbusi bilan qo‘llab-quvvatlanadigan taqdirda hamda uni amalga oshirish jarayoniga qisman moliyaviy hissa qo‘shishga tayyor bo‘lgan qishloq aholi punktlarida amalga oshirilishi boshlanadi.
Davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida qurilayotgan ichimlik suvi tizimiga egalik hissini uyg‘otish maqsadida aholi tomonidan moliyaviy hissa qo‘shish orqali qurilishning bir qismini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu esa aholining qurilish jarayoniga dahldor bo‘lishiga va qurilgan ob’ektga nisbatan mulkchilik hissini shakllantirishga xizmat qiladi hamda qurilgan ob’ektga nisbatan munosabatini o‘zgartirib, ularni tizimdan ehtiyotkorlik bilan uzoq muddat davomida foydalanishga undaydi.
Ahamiyatlisi shundaki, qurilishi yakunlangan lokal ichimlik suv ta’minoti tizimi boshqarish va foydalanish uchun aholining umumiy mulki sifatida mahalla fuqarolar yig‘ini tasarrufiga o‘tkaziladi. Qishloq aholi punktlarida ichimlik suvi ta’minoti xizmatini ko‘rsatadigan hamda qurilgan ichimlik suvi ta’minoti tizimini boshqarish uchun aholi tomonidan nodavlat tashkiloti tashkil etiladi.
Joriy etilayotgan ushbu tizimda ichimlik suvi ta’minoti xizmatlari uchun narh (tarif)lar aholi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Bunda, ichimlik suvni ishlab chiqarish va xonadonlarga yetkazish xarajatlari, kiritilgan sarmoya, amortizatsiya va boshqa xarajatlar inobatga olinadi.
Ushbu yo‘nalishda respublikadagi olis qishloqlarni xatlovdan o‘tkazish boshlandi. Oktyabr-noyabr oylarida mutaxassislardan iborat ishchi guruh joylarga chiqqan holda mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini 25 ta parametr asosida o‘rganib chiqdi.
Xatlov va o‘rganishlar natijasida 114 ta shahar va tumandagi suv ta’minoti va sanitariya holatini yaxshilashga muhtoj 1 ming 273 ta qishloq aholi punkti ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur qishloqlarda 5 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ulardan 35 foizi ichimlik suvi bilan tashib yetkazib berish orqali ta’minlanmoqda, 65 foizi esa ichimlik suvni alternativ (soy, kachalka, quduq) manbalaridan iste’mol qilmoqda.
Davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasida 2021 yilda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida, 2022 yildan boshlab esa respublikaning boshqa hududlarida loyihalarni amalga oshirish hamda loyiha doirasida oqava suv xizmatlari bilan ta’minlanishi ham nazarda tutilgan.
Loyihalarning amalga oshirilishida respublikamiz hududlarida Shveysariya Konfederatsiyasi hamkorligida qishloq aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tajribasi keng qo‘llaniladi.
Dastlab, mazkur loyihalarni sinov tariqasida amalga oshirish uchun Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida suv ta’minoti va sanitariya holatini yaxshilashga muhtoj qishloqlar ro‘yxatidan 2 tadan aholi punkti tanlab olinadi.
Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vodiy viloyatlarida qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish to‘g‘risida tanlov e’lon qildi.
Joriy yil yakuniga qadar tanlov yakunlanib, 2021 yildan boshlab loyihalar doirasida qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi.
O‘zA muxbiri
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.