Milliy matbuot markazida «O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi» davlat muassasasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, markaz tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida sinov laboratoriyalarini rivojlantirish maqsadida 9 milliard so‘mlik 352 ta zamonaviy o‘lchash vositalari xarid qilindi. Shu davrda 1 ming 105 ta sinov ko‘rsatkichi bo‘yicha akkreditatsiya sohasi kengaytirildi.
Markazning Farg‘ona filiali oyna mahsulotlari va avtooyna qismlarini sinash bo‘yicha yirik korxonalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Toshkent sinov laboratoriyasi majmuasi “Texnopark” va
“AkfaGroup” kompaniyalari bilan hamkorlikda maishiy texnika va radiatorlar bo‘yicha sinovlarni kengaytirdi.
[gallery-24917]
Jizzax filiali polietilen trubalar mahsulotlarini tekshirish yo‘nalishini yo‘lga qo‘ydi. Namangan viloyati “Yuksalish” kichik sanoat zonasida qurilish, to‘qimachilik, kimyo-polimer, elektrotexnika va mebel mahsulotlari bo‘yicha zamonaviy laboratoriya tashkil etish ishlari boshlandi.
Akustik laboratoriya tashkil etish bo‘yicha Chexiyaning “Exporta s.r.o..” kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Avtotransport vositalari barqarorligini aniqlovchi sinov stendi joriy qilinmoqda. EMS (elektromagnit moslik) laboratoriyasi uchun uskunalar xarid qilish jarayoni yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, joriy yilning yanvar-iyun oylarida umumiy qiymati 60 ming dollardan ortiq sovutgich va muzlatkichlar me’yoriy talablarga javob bermagani uchun yaroqsiz deb topildi. 191 ta lift va eskalator tekshirilib, 4 turdagi lift standartlarga nomuvofiq deb topildi. 40 ta holatda go‘sht-kolbasa mahsulotlari, sut va yog‘ mahsulotlarida falsifikat holatlari aniqlandi.
Markaz tomonidan bir qator davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Xitoyning CAERI va CTC kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Rossiyadagi bir qator metrologiya va sinov markazlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Chexiya Respublikasida “Conformity Assessment Center” MCHJ filiali ochildi. Yevropa Ittifoqi elektrotexnika uskunalari uchun IEC EE MEK tizimiga a’zo bo‘lish uchun ariza yuborildi.
Markaz tomonidan joriy yil yakuniga qadar sinov laboratoriyalarini yanada rivojlantirish, nomuvofiq mahsulotlar nazoratini kuchaytirish va milliy mahsulotlarning Yevropa bozorlariga chiqishini ta’minlash maqsad qilingan.
Sh.Mamaturopova,
O‘.Hayitov (surat),
O‘zA