1 million AQSH dollaridan koʻp sugʻurta xizmatlari eksport qilindi
“Kafolat” sugʻurta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati oʻtgan yil 1 million AQSH dollaridan ortiq sugʻurta xizmatlarini eksport qildi.
“Kafolat” sugʻurta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati oʻtgan yil 1 million AQSH dollaridan ortiq sugʻurta xizmatlarini eksport qildi.
Mamlakatimizda 30 dan ortiq sugʻurta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Bu kompaniyalar aholi va tashkilotlarga keng koʻlamli sugʻurta xizmatlarini taqdim etish hamda sugʻurta xizmatlari sifatini yanada oshirishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
“Kafolat” sugʻurta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati ham ular qatorida jamiyat hayotida oʻz oʻrnini egallab kelayotgan kompaniyalardan. 48 ta mintaqaviy tarmogʻi boʻlgan ushbu kompaniyaning bugungi kunda 216 boʻlinmasi aholi va tashkilotlarga namunali xizmat koʻrsatib kelmoqda. Ularning 23 tasi 2018 yilda tashkil etilib, 38 nafar fuqaroning ishli boʻlishiga zamin yaratdi.
– Sugʻurta kompaniyamiz oʻzining eng yuqori moliyaviy koʻrsatkichi bilan “SAIPRO” axborot-reyting agentligining “uzA++” reytingiga ega boʻlgan, – dedi jamiyatning matbuot xizmati rahbari M.Rayimjonova. – Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang holda kompaniya aholi hamda yuridik shaxslarga har tomonlama qulay, pasaytiruvchi koeffitsiyentlarni oʻz ichiga olgan va manfaatlarga toʻliq mos keluvchi 100 dan ortiq majburiy va ixtiyoriy sugʻurta turlari boʻyicha xizmatlar taklif etmoqda. Shu bilan birga, oʻtgan yili kompaniya taʼsisligida “My ASSIST” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etilgan boʻlsa, bevosita hayotni sugʻurta qilish bilan shugʻullanuvchi “Kafolat hayot” sugʻurta kompaniyasi masʼuliyati cheklangan jamiyatining ish boshlashi ham sohadagi yangiliklardandir.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston sugʻurta xizmatlari jahon sugʻurta bozoriga kirib, sugʻurta eksportini taʼminlashda muhim rol oʻynamoqda. 2018 yilda “Kafolat” sugʻurta kompaniyasi" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 1 million AQSH dollaridan ortiq sugʻurta xizmatlari eksport qilinishi bunga yaqqol misol boʻladi.