Andijon viloyati Asaka tumani «Mehnatobod» MFYda joylashgan 0,57 gektar yer 2021 yilning 12 iyul kuni onlayn auksion orqali 2 million so‘mga sotilgan.
Ushbu maydonda 6,5 milliard so‘mlik qiymatdagi ishlab chiqarish mavjud bo‘lishiga qaramasdan boshlang‘ich bahosi 1 so‘m etib belgilangan.
Asaka tumanidagi e’tiborga molik ushbu yer sotilishida birgina talabgor tomonidan narx bir marta 2 million so‘mga ko‘tarilgan va sotilgan.
<iframe width="950" height="534" src="https://www.youtube.com/embed/kjUwdIw4Nz4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Prezidentimizning «Elektron onlayn-auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida «Auksionga chiqarilgan ob’ektlarni sotishga va oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga faqat auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashganda ruxsat beriladi», deyilgan.
Prezidentimizning Qaroriga amal qilinadigan bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tilgan LOT: 0616561 raqamli auksion natijasi butunlay noqonuniy hisoblanishi kerak emasmi?
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ayni shu masala bo‘yicha munosabatini so‘raganimizda, Prezidentimizning ushbu 5197-son qarori chiqishdan 12 kun oldin mazkur onlayn-auksion o‘tkazib bo‘linganini iddao qilishdi.
Qo‘pol qilib aytiladigan bo‘lsak, shu joyda qonunlarimizning kemtik joyidan unumli foydalanib qolish bo‘lgan emasmi?
Ammo aytish kerakki, auksion haqida chiqarilgan barcha hujjatlarda auksion boshlang‘ich narxni oshirib borish orqali o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Qisqasi, auksion so‘zi paydo bo‘lgandan buyon ushbu qoida ham bor.
Ajablanarlisi esa, bu yerda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan korxona rahbariyati auksiondan bexabar qoldirilgan.
Ya’ni 12 iyulda o‘tkazilgan auksionga ishtirok etish uchun ogohlantirish xati 16 iyul kuni tadbirkorning qo‘liga tutqazilgan. Auksiondan 4 kun o‘tib, ushbu joyda faoliyat yuritayotgan tadbirkor yeri sotilganidan xabar topdi.
Yanada ajablanarlisi, yerni auksionga qo‘yish uchun tayyorlagan «maxfiy» shaxslar ob’ektdagi bino va qurilmalarni mulk egalaridan yashirincha rasmga tushirib ketishgan. Ya’ni tadbirkorning o‘zi qurgan ishlab chiqarish uskunalarini reklama qilib, auksionda atigi 2 million so‘mga hujjatlashtirgan.
YOLG‘ON ORTIDAN YOLG‘ON...
2021 yilning 15 aprel kuni Asaka uman hokimi tomonidan Andijon viloyat hokimining o‘rinbosari B.Hamrayevga yo‘llangan xatda «Mehnatobod MFY, “Mehnatobod” ko‘chasida joylashgan tuman hokimligi balansidagi «ma’muriy va ishlab chiqarish» bino-inshooti 2020 yildan buyon bo‘sh turibdi», deya yolg‘on axborot berilgan.
Oldinlari tashlandiq bo‘lib yotgan joyga yillar davomida 6,5 milliard so‘m tikkan tadbirkor ushbu yerning o‘zi uchun halol auksionda 1 milliard so‘m berishga tayyorligini bildirmoqda.
Ammo qo‘lida muhr va imzo qo‘yish imkoniyatiga ega amaldorlar uchun davlatga tushadigan 1 milliard so‘mning bir chaqalik ahamiyati yo‘qmi? Ular uchun qonun buzilsada, boshqa «nimalar»dir muhimligini bila olmadik.
Sotilgan yerda faoliyat yuritayotgan tashkilotining bexabar qolishi bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan munosabat so‘radik. Agentlik mas’ullarining aytishicha, auksion g‘olibiga ob’ekt yaqinida joylashgan 49-sonli maktab uchun 300 o‘rinlik o‘quv korpusi binosini qurish va 4 milliard so‘m investitsiya kiritish majburiyati yuklangan ekan.
Mantiqan o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, ayni shu joyda ham qonunning o‘zlariga kerakli joyini topib, kimdir foydalanib qolishi alomatlari sezilyapti. Ya’ni bu yerda «xaridorga boshqa majburiyat yuklangani bois auksionda narx oshirib borish qoidasidan butunlay voz kechildi», degan «mantiq» yashirilgan.
Vaholanki, xaridorga qandaydir majburiyat yuklash qoidasiga amal qilingan taqdirda ham ayni damda ayni shu 2 million so‘mga sotilgan yerda faoliyat yuritayotgan va sotilishidan bexabar qolgan firma butun boshli "Asaka Sity" turar-joy majmuasini qurayotganligini hisobga olish zarur emasmidi?
Darhaqiqat, auksiondan atayin bexabar qoldirilgan «Avtosanoat-injiniring» MCHJ bugungi kunda Prezidentning PQ-5049-son qarori bilan 53,3 gektar maydonda "Asaka Sity" turar-joy majmuasini barpo etmoqda. Zimmasiga kattagina mas’uliyat yuklangan korxona qurilayotgan uylarning tannarxi arzon tushishi uchun imkon qadar qurilish mahsulotlarini o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Devorlarni turg‘izishda qo‘llaniladigan polistrol va gips bloklar hamda derazalarni ayni shu 2 million so‘mga sotilgan joyda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan edi. «Avtosanoat-injiniring» MCHJ rahbarining aytishicha, tashkil etilgan sexlari qurilish maydonidan uzoqroq bo‘lsada, Asaka tumani sobiq hokimining o‘zi tavsiya etgani uchun ayni shu joyga uskunalarni qurgan ekan.
SIRLI BO‘LMAGAN RAQAMLAR...
Raqamlarni eslatadigan bo‘lsak, auksionning tushunarsiz harakatlaridan jabr chekayotgan «Avtosanoat-injiniring» MCHJ sirli ravishda sotilgan yerga bir yilda 6 milliard 509 million so‘m sarflagan.
Ya’ni uzoq masofadan 54 million so‘mga yuqori kuchlanishli tok tortib kelgan, 60 million so‘mga yangi transformator o‘rnatgan, 180 million so‘mga yer ostidan ichimlik suvi chiqarilgan. 300 million so‘mga PVX va alyumin eshik-romlar ishlab chiqarish liniyasini hamda 115 million so‘mga mebel va gips sexini ishga tushirgan. Xitoy va Rossiyadan keltirilib o‘rnatilgan uskunalarning o‘zi salkam 5,5 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Auksionda 2 million so‘mga sotilgan ushbu joydan davlatga tushadigan yillik soliqning o‘zi 25,2 million so‘mni tashkil etadi.
Shunday ekan, 30 nafar odamni ish bilan ta’minlab kelayotgan 0,57 gektar yerdagi ishlab chiqarish maydon atigi 2 million so‘m bilan «mahv» etildimi?
Ayni masala bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligining javobida shunday deyiladi:
«Prezidentning 01.08.2018 yildagi PF-5495-sonli Farmoni 5-bandi bilan xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, lekin 5000 m2dan ko‘p bo‘lmagan, foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sotish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqi berilgan.»
Ammo 2 million so‘mga sotilgan yer 5700 m2 tashkil etyaptiku?! Bu yerda ko‘rinib turibdiki, 2018 yildagi Prezident Farmonining 5-bandi ham o‘z-o‘zidan buzilgan.
Agentlik esa ushbu misol bilan aybni Xalq deputatlari viloyat Kengashlariga ag‘darishga urinyapti. Aslida sotuvchi boshqa.
Agentlik javobida ob’ekt bo‘yicha e’lon 32 kun oldin 10.06.2021 yilda joylashtirilgan va savdolar 12.07.2021 yilda o‘tkazilgan. (https://e-auksion.uz/lot-view mazkur savdo natijasi saytdan o‘chirilgan.) deyiladi. Biroq, ushbu LOTda e’lon qilingan muddat negadir ko‘rsatilmagan. Mukammal tuzilgan onlayn-auksion dasturida e’lon qilish muddati nima uchundi ko‘rinmayapti. Balki dasturda e’lon qilib, ko‘rinmas holda o‘chirib qo‘yish imkon yoki imkonsizligi bordir?!
Davlat aktivlarini boshqarish agentligining eng katta e’tirozlaridan biri – auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashish talabi noto‘g‘ri emish:
Kamida ikkita ishtirokchi qatnashish talabi to‘g‘risidagi PQ-5197 qaror 2021 yil 24 iyulda, ya’ni auksion o‘tkazilgandan 12 kun keyin qabul qilingan bo‘lib, qarordagi ushbu talab 2021 yil 1 sentyabrdan amalga kiritilishi belgilangan.
Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra, normativ huquqiy hujjatlar o‘tgan davrga ta’sir kuchiga ega emas.
Agentlik mazkur 2 million so‘mlik savdo o‘tkazilgandan keyin chiqqan Prezident qarorini misol qilib keltirmoqda. Bu yerda ayb qonunlarga ag‘darilyaptimi? Qarorlarning kemtik joyini topib, unumli foydalanib qolish illati jamiyatimizda rivojlanib borayotganidan dalolat emasmi bu?
Garchi oldingi hujjatlarda qat’iy belgilanmagan bo‘lsada, auksionda kamida ikkita ishtirokchi qatnashish talabi ushbu qarordan oldin ham bo‘lgan, keyin ham bo‘ladi. Auksion paydo bo‘lgan ekanki, ushbu talab bor. Birgina xaridor bilan o‘tkazilgan savdo auksion, deyilmaydi. Buni o‘zaro «KELISHUV» deyiladi.
Misol uchun, auksion bo‘yicha chiqarilgan barcha hujjatlar shartlarida shunday band bor:
Shartnomani imzolashdan bosh tortgan yoki rad etgan birinchi g‘olibning taklifidan keyingi eng yaxshi taklif bo‘lgan tanlov ishtirokchisi bilan oldi-sotdi shartnomasini tuzishni taklif etadi.
Xo‘sh, bir nafar talabgor ishtirok etishi mumkin bo‘lgan «o‘zbekcha auksion»ning YAGONA g‘olibi sotilgan mulkni rad esa, nima bo‘ladi, degan savol tug‘iladi...
Agentlikning e’tirozida ushbu auksionda ikkita ishtirokchi qatnashgan, deyiladi. Ammo ikkinchi ishtirokchi nega narx ko‘tarmagan, u nima maqsadda ishtirok etgan, unda?
Aslida haqiqatga to‘g‘ri nigoh bilan qaraydigan bo‘lsak, ijara haqi to‘lab faoliyat yuritayotgan «Avtosanoat-injiniring» MCHJ ham 2 million so‘mga sotilgan yerga 5,5 milliard so‘mlik investitsiya kiritgan edi. Ammo bu keltirgan faktimizga ham Davlat aktivlarini boshqarish agentligi e’tirozini bildirdi:
«Tuman hokimligi balansidagi davlat mulki hisoblangan ob’ektga (o‘zganing mulkiga) xususiy tadbirkor tomonidan investitsiya kiritishning huquqiy asosi mavjud emas va davlat mulkiga noqonuniy kiritilgan investitsiya tadbirkorga hech qanday ustunlik mavqeini bermaydi».
Agentlik 0,57 gektar yerni 2 million so‘mga sotganining sababini xaridorga 4 milliard so‘m investitsiya kiritish sharti ekanligini tan olib turibdi. Ammo 5,5 milliard so‘mlik investitsiyani huquqiy asosga ega emas, deya baholayotgani qanchalik mantiqli bo‘lishi mumkin?
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Yig‘ilishda sohadagi ishlar ahvoli va kelgusi rejalar tanqidiy muhokama qilindi.
Jumladan, bo‘sh turgan binolardan foydalanishning yana bir usuli – ijara. Yig‘ilishda bu boradagi imkoniyatlar ham ko‘rsatib o‘tildi. Hududlar va tarmoqlar tasarrufidagi davlat mulklari ijarasi hisobiga joriy yilda 500 milliard so‘m tushumni ta’minlash mumkinligi aytildi.
Shuningdek, hududiy ob’ektlar va noqishloq yerlarni xususiylashtirish orqali yil yakunigacha jami 8 trillion so‘mdan ziyod тushuмни ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.
Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi: har bir ob’ektni 2 million so‘mga sotaversak, trillionlarga qachon yetamiz?
Ochiq qolayotgan savollar ko‘p. Balki bu mavzuda bizning xulosa chiqarishga haqqimiz yo‘qdir, ammo mantiqan o‘yladik.
Xulosani esa o‘zingizga qoldiramiz.
Sherali Otaboyev, Nishonboy Abduvoitov(Video),OʻzA