Toshkent viloyati IIBB sohaviy xizmat xodimlari tomonidan viloyat hududida pirotexnika vositalarini noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida bir qator profilaktik chora-tadbirlar, nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilyapti.

Yangiyo‘l shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda fuqaro 1985 yilda tug‘ilgan X.M. (ayol) pirotexnika vositasini shartli xaridorga sotayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan ushlandi. Bu shaxsning “Yangifarovon” MFYda joylashgan yashash xonadoni o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganda, jami 26 ming 642 dona turli hajm va ko‘rinishdagi pirotexnika vositasini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlanib, hujjatlashtirib olindi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Shu kabi o‘tgan 60 kun mobaynida viloyat IIBB xodimlari tomonidan pirotexnika vositalarini noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 1 ming 20 ta holat aniqlangan. Unda umumiy qiymati 1 milliard 23 million so‘mlik jami 874 ming 590 dona pirotexnika vositalari daliliy ashyo sifatida olingan. O‘tgan davr mobaynida pirotexnika vositalarini noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi 420 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy chora ko‘rish uchun hujjatlar sudga yuborilgan bo‘lsa, 596 ta holat ko‘rib chiqish uchun Voyaga yetmaganlar komissiyasiga yuborildi. 4 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
A.Musayev,O‘zA.