Jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar, global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar hamda eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2025 yil 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni imzolandi.
Hujjatda ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoit yaratish kabi masalalarga e’tibor qaratilgan.
Shu asosida Vazirlar Mahkamasining "Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan yurtimizga samolyot, poyezd va avtomobilda kelayotgan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirish normalari belgilandi.
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi "Bojxona nazoratini va rasmiylashtiruvini tashkil etish" bo‘lim boshlig‘i Abror Otamurodovning bu boradagi fikrlariga qiziqdik.
– Mamlakatimizda tovarlarning bojxona qiymatini aniqlashda asossiz imtiyozlar yoki maxsus bojxona rasmiylashtiruvi tartiblarini qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik, bojsiz olib kirish me’yorlari va bojxona rasmiylashtiruvi shartlari jahon standartlari asosida belgilanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. – deydi Abror Otamurodov. – Vazirlar Mahkamasining "Ayrim turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz tovar olib kirish normalari belgilandi.
Unga ko‘ra 2025 yil 1 maydan e’tiboran bojsiz tovar olib kirish normalari havo transportida – 1000 dollar (hozirda 2000 dollar), temir yo‘l va daryo transportida – 500 dollar (hozirda 1000 dollar), avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – 300 dollar (o‘zgarishsiz), xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali – bir oyda 200 dollar (hozirda bir chorakda 1000 dollar), xalqaro pochta jo‘natmalari orqali – 100 dollar (o‘zgarishsiz) etib belgilandi.
Shuningdek, temir yo‘l, daryo transporti va avtomobil o‘tkazish punktlari orqali notijorat maqsadlarda tovarlarni olib kirayotgan shaxs xorijiy davlatda 2 kundan kam muddat bo‘lganda, havo transportida esa 3 kundan kam muddat bo‘lganda, bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi. Bunda ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi va tovarlarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan qiymati 5000 AQSH dollari ekvivalentigacha bo‘lgan tovarlar bojxona deklaratsiyasini taqdim etmagan holda respublikadan olib chiqilishi mumkin, eksport bojxona boji joriy etilgan tovarlar bundan mustasno.
Bundan tashqari, import jarayonini rasmiylashtirishda bojxona qiymati va miqdori alohida nazoratga olinadigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi va unga 70 xil turdagi tovarlar kiritildi. Maishiy texnikalar, oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar va poyabzallarning bir qator turlari, tozalash va yuvish vositalari, o‘yinchoqlar, shinalar, metall buyumlar shular jumlasidan.
Mazkur ro‘yxatdagi tovarlarning qiymati va miqdorini nazorat qilishning samarali mexanizmini joriy etish va hech qanday istisnolar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor qaratildi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya chegara bojxona postlarida fuqarolar tomonidan vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik, uyushgan holda qarshilik qilish hamda jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish borasida Bojxona qo‘mitasi bilan o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA