Ijtimoiy tarmoqlarda 1-martdan tabiiy gaz narxi oshirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika sohasi mutasaddilari ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1-martdan tabiiy gaz narxi o‘zgarmagan. Aholi tomonidan to‘lovlar amaldagi, ya’ni eski tarif asosida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, 1-martdan boshlab qish mavsumida amal qilgan ijtimoiy me’yor o‘zgardi.
Avval xabar qilinganidek, isitish mavsumida tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yor 5 barobarga oshirilib, 100 kub metrdan 500 kub metrgacha belgilangan edi.
Noyabr-fevral oylarida har bir oy uchun 500 kub metrgacha, mart - oktabr oylarida esa har oy uchun 100 kub metrgacha bazaviy me’yor amal qiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa ushbu tartib oktabr-fevral oylarida qo‘llaniladi.
Shu munosabat bilan 1-martdan 31-oktabrga qadar har oy uchun 100 kub metrgacha bo‘lgan hajm bazaviy me’yor sifatida amal qiladi.
Shuningdek, Prezident qaroriga asosan ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun har oyda davlat tomonidan kompensatsiya beriladi.
Jumladan, elektr energiyasi bo‘yicha oyiga bazaviy me’yordan ortiq sarflangan 200 kVt·soatdan keyingi 150 kVt·soatgacha bo‘lgan qismi uchun, tabiiy gaz bo‘yicha esa qish oylarida 250 kub metrgacha, boshqa oylarda 150 kub metrgacha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilingan qismi uchun kompensatsiya to‘lanadi.
E’tiborlisi, ilgari mazkur kompensatsiyalar faqat qish mavsumida amal qilgan bo‘lsa, endilikda ular yil davomida har oyda ajratilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA