Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 25 fevraldagi 89-son, qaroriga ko‘ra, O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Mazkur reglamentga ko‘ra, tibbiyot muassasasi xodimi – o‘lim holati tasdiqlangandan so‘ng, vafot etgan shaxs haqidagi ma’lumotlarni FHDYO bo‘limiga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi.
Shu bilan birga, FHDYO bo‘limi – axborot tizimi orqali avtomatik ravishda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etadi va ma’lumotni tibbiyot muassasasi va Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboradi. Tibbiyot muassasasi xodimi – QR-kod tasviri tushirilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnomani ariza beruvchilarga darhol ikki nusxada chop etib beradi.
Pensiya jamg‘armasi bo‘limi – har oyning 5-sanasigacha o‘tgan oyda ushbu hududda to‘langan dafn etish uchun nafaqalarning umumiy miqdoridan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni Tijorat bankining hisob-varag‘iga moliyalashtiradi.
Tijorat banki – QR-kod tushirilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnoma asosida Pensiya jamg‘armasiga elektron so‘rov yuborish orqali tasdiqlaydi hamda oldindan moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobidan nafaqa to‘lovini amalga oshiradi.
FHDYO bo‘limi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlarining istalgan vaqtdagi talabiga asosan eksterritorial tamoyil asosida o‘lim haqidagi gerbli guvohnomani chop etib beradi yoki pochta aloqasi orqali arizada ko‘rsatilgan manzilga yuboradi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 apreldan Toshkent shahrida, 2022 yil 1 iyuldan esa butun respublika hududida tibbiyot muassasalari tomonidan o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.
O‘zA