French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1 Dekabr – Ruminiyada milliy birdamlik kuni
19:41 / 2021-12-01

Bugun Ruminiya o‘zining eng asosiy milliy bayrami —milliy kunini nishonlamoqda. 1918 yil 1 dekabrda rumin xalqi hayotida o‘chmas iz qoldirgan voqea sodir bo‘lgan. Zamonaviy Ruminiya davlatchiligi tarixi ham ayni sanadan boshlanadi. Shu kuni Transilvaniya va Banata ruminlari Ruminiya qirolligi bilan birlashishga ovoz bergan.

Ruminiya an’naviy ravishda ushbu kunni harbiy parad va taniqli siyosatchilarning poytaxt Buxarestdagi rasmiy chiqishi bilan nishonlaydi. Binolar peshtoqida davlat bayroqlari hilpiraydi. Mamlakat fuqarolarining ko‘pchiligi birdamlik kunida dam oladi, maktablar, oliy o‘quv yurtlari yopiq bo‘ladi.

Ahlisi 22 milliondan ziyod bo‘lgan Ruminiya Respublikasi Yevropaning janubi-sharqida joylashgan bo‘lib, ma’muriy jihatdan 40 uyezd va uyezdga tenglashtirilgan Buxarest munitsipiyasiga bo‘linadi.

Mamlakatning amaldagi konstitutsiyasi 1991 yil 8 dekabrda referendum yo‘li bilan qabul qilingan. Mamlakatni prezident boshqaradi. Davlat rahbari ushbu lavozimga 4 yillik muddat bilan ikki marta saylanish mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat 2 palatadan iborat, ijro funksiyasini hukumat amalga oshiradi.

Ruminiya hududini And tog‘i tizmasi hisoblangan Karpat tog‘lari o‘rab turadi. Quyi Dunay va G‘arbda O‘rta Dunay pasttekisliklaridagi serhosil yerlarda ruminlar dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mamlakatda neft va gaz, toshko‘mir, temir, polimetall, mis va oltin rudalari, boksit, toshtuz konlari kabi foydali qazilmalar mavjud.

Aholining 90 foiziga yaqini ruminlar. Shuningdek, o‘lkada vengr, nemis, lo‘li, ukrain, serb va ruslar ham yashaydi.

Ruminiya 1955 yildan buyon BMT a’zosi hisoblanadi. Ushbu davlat O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 20 dekabrda tan olgan, 1995 yil 6 oktyabrda esa mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatiya munosabati o‘rnatildi.

Ruminiya agrar-industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 41 foizni tashkil etadi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish tarmog‘i hamda qishloq va o‘rmon xo‘jaligi ham mamlakat iqtisodiyoti asosi hisoblanadi.

Sanoatda ishlab chiqaruvchi tarmoqlar ustunlik qiladi. Kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika uchun texnologiya va mashina uskunalari, elektrotexnika mahsuloti shular jumlasidan. Bundan tashqari, Ruminiyada avtobus va boshqa transport vositalari, qurilish mashinalari, kema va traktor ham ishlab chiqariladi. Ruminlar sifatli va bejirim mebel, to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari bilan tanilgan xalq.

So‘nggi yillarda Ruminiya eksport hajmini oshirish uchun tizimli ish olib bormoqda. bugungi kunda mamlakat chetga traktor, avtomobil, transport vositasi, kimyoviy o‘g‘it va neft mahsulotlari, qora metal ijarasi, quvur, mebel, sement, poyabzal, gazlama, tovush yozish uskunasi, mineral xom ashyo va boshqa ko‘plab zamonaviy tovarlar chiqarmoqda. Turli mashina mexanizmlari, kimyoviy mollar, yoqilg‘i va xom ashyo, oziq-ovqat, keng iste’mol mollari esa import qilinadi. Tashqi savdo sohasida Germaniya, Italiya, Rossiya, Fransiya bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 2020 yil 249 milliard dollarni tashkil etdi. Bu jon boshiga 11 ming 665 dollardan to‘g‘ri keladi. Mamlakatning xalqaro valyuta zaxirasi 2021 yil iyun oyidaga ma’lumotga ko‘ra, 49.356 milliard dollarga teng.

Ruminiyada bolalar 3 yoshdan 6 yoshgacha bog‘chaga boradi, 6 yoshdan 8 yillik maktabga qatnaydi, so‘ngra 2 yillik litsey bosqichi boshlanadi. Darvoqe, Ruminiyada 10 yillik ta’lim ham bor. Odatda bunday maktab negizida hunar-texnika tayyorgarligi amalga oshiriladi. Litseyni bitirganlar oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirishi mumkin.

Asrlar davomida marosim, doyna va gayduk qo‘shiqlari milliy adabiyot shakli, rumin tilining takomillashuv vositasi bo‘lib kelgan. 1521 yilda bitilgan Boyar Nyakshuning xati dastlabki yozma yodgorlik hisoblanadi.

O‘zbekiston bilan Ruminiya o‘rtasida diplomatik munosabat yo‘lga qo‘yilgach, mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohada aloqalar kengaya bordi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi bilan Ruminiya o‘rtasida «Savdo iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida» bitim imzolangani va shundan keyingi davlat tashriflari doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik uchun huquqiy asos yaratdi. 

O‘zbekistonning Ruminiyaga eksporti paxta tolasi, gazlama, kalava ip mahsulotlari va turli xizmatlar shaklida amalga oshiriladi. Ruminiyadan esa plastmassa va shu moddandan tayyorlangan mahsulotlar, moy va o‘simlik yog‘i, dori-darmon import qilinmoqda.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida paxtani qayta ishlash, to‘qimachilik, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, neft va gaz sanoati sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Ruminiyaning bir qator yetakchi banklari bilan sheriklik qilmoqda.

O‘zbekiston bilan Ruminiya o‘zaro iqtisodiy aloqalarini yanada kengaytirish uchun ikki mamlakatning hukumatlararo iqgisodiy kengashi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlatlarimiz TRASEKA transport yo‘lagi barpo etish dasturi doirasida hamkorlik qiladi. 

O‘zbekiston bilan Ruminiya BMT, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tuzilmalar doirasida xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasi, milliy, mintaqaviy xavfsizlikka tahlika soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish haqida ham kelishib olgan.

Internet materiallari asosida

S.Rahimov tayyorladi.

O‘zA