Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1 dekabr – Qozog‘istonda «Birinchi Prezident kuni» bayrami
18:00 / 2021-11-30

O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoning muhim davlatlari hisoblanadi. bugungi kunda ikki mamlakat munosabatlari yaqin qo‘shnichilik hamda strategik sheriklik ruhida izchil rivojlanmoqda.

Ushbu hamkorlik aloqalari xalqlarimizning azal-azaldan shakllangan do‘stlik va qardoshlik rishtalariga, umumiy tarix, til hamda madaniyatiga asoslangan.

Darhaqiqat, ikki xalqning urf-odatlari, shodiyona kunlari ham mushtarak.

1 dekabr – Qozog‘istonda 2012 yildan beri «Birinchi Prezident kuni» sifatida keng nishonlanadi.

Ushbu kun qozoq xalqi qalbidan qanday o‘rin oldi?

Bu bayram Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning mamlakat oldidagi buyuk xizmatlari sharafiga belgilangan.

Elboshi Qozog‘istonning birligini, Konstitutsiyasi hamda fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlagan mustaqil davlatning asoschisidir.

Uning Markaziy Osiyo, xususan, Qozog‘iston davlati uchun amalga oshirgan ishlari bugungi kunda xalqaro doirada e’tirof etilmoqda.

Xususan, «Nazarboyev modeli!» Dunyoda shunday ibora va tushuncha bor. Bu tushuncha vaqt sinovidan o‘tgan, mustahkam yo‘l targ‘ibotchisi ma’nosini anglatadi.

Tashabbuslar...

Xalqaro maydonda Nursulton Nazarboyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan ishlar doimiy e’tiborda.

Misol uchun, “G-GLOBAL” – jahon hukumatining yangi modeli. Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi tashabbusi bilan insoniyatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarini davlatlararo darajada muhokama qilish uchun ko‘p funksiyali platformaga aylandi. Bu yerda insoniyatni tashvishga solayotgan muhim masalalar muhokama qilinadi.

Undan tashqari, Elboshi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashni tashkil etish bo‘yicha global tashabbusni ilgari surdi.

Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ham Nursulton Nazarboyevning g‘oyasi asosida tashkil etilgan. Hozirda ittifoqqa Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston mamlakatlari a’zo bo‘lib, erkin iqtisodiy integratsiya kuchaydi va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo ko‘lami oshdi. bugungi kunda O‘zbekiston ushbu ittifoqda kuzatuvchi davlatdir.

Darhaqiqat, Nursulton Nazarboyev Turkiy davlatlar tashkiloti shakllanishida ham muhim shaxslardan biri bo‘ldi.

Yana e’tirof etish lozimki, Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyevning bevosita ishtiroki va nazorati ostida o‘tgan “YeXRO-2017” xalqaro ko‘rgazmasi jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Nursulton Nazarboyev davlat rivojlanishining barcha sohalarida tezkor islohotlar dasturini ishlab chiqdi va milliy modernizatsiyani muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

U o‘zining rivojlanish formulasini «avval iqtisod, keyin siyosat» deb belgiladi. Boshqacha qilib aytganda, demokratik institutlarni rivojlantirish uchun birinchi navbatda iqtisodiy jihatdan rivojlanish kerak edi. bugungi kunda ushbu tajriba yuqorida ta’kidlaganimizdek, «Nazarboyev modeli» yoki «Qozog‘iston yo‘li» sifatida tan olindi.

Ushbu modelning asosini esa puxta va izchil isloh qilingan davlat tuzilmasi tashkil etadi. Agar Qozog‘istonning o‘ttiz yillik rivojlanish tarixini umumlashtiradigan bo‘lsak, mamlakat birinchi prezidentining sa’y-harakatlarini asosiy islohot va rivojlanish bosqichi sifatida tavsiflash mumkin.

O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligi

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning ham o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan samimiy, iliq munosabatlari tufayli mamlakatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik aloqalari yanada mustahkamlandi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi hamkorlik yo‘nalishdagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga asos bo‘lmoqda.

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — Qozog‘iston va O‘zbekiston transport infratuzilmalarining jadal integratsiyalashuvi transport-tranzit koridorlarini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi hamda mamlakatlar o‘rtasida savdo va investitsiyani rag‘batlantirish, ikki tomonlama hamda mintaqa darajasida hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.

So‘nggi paytlarda parlamentlararo aloqalar ham sezilarli darajada faollashdi. O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar tashkil qilindi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Respublikasi Parlament Senati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlari yangi pog‘onaga ko‘tarilishi ikki qardosh xalqning uzoq muddatli manfaatlariga to‘la javob beradi hamda Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va jadal taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.

Shohrux NO‘’MONOV, O‘zA