Shu yilning 8 iyunida Prezidentimiz “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini qabul qildi.
Mazkur farmon mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi boshqarma boshlig‘i Murod Fayzullayev bilan suhbatlashdi.
– Suhbatimiz avvalida yer uchastkalaridan samarali va maqsadli foydalanish bo‘yicha burungi amaliyot haqida so‘z yuritsak?
– Ilgari ayrim tuman (shahar) hokimlari yakka tartibda uy-joy qurish uchun fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratish, yoshlar uchun “yoshlar markazlari qurish” deb amalda esa savdo do‘konlari, mahalla guzarlari va shunga o‘xshash boshqa qurilishlarga yer uchastkalari ajratib bergan.
Eng achinarlisi, fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanish uchun ijara asosida berilgan yerlar ayrim holatlarda talon-toroj qilinib, fuqarolarga uy-joy qurish uchun tarqatib yuborilgan. Buning natijasida sug‘oriladigan yerlar maydoni kamayib ketgan.
Yer qonunchiligida yerga bo‘lgan huquq turi 6 ta – fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish, dehqon xo‘jaligi, jamoa bog‘dorchiligi va uzumchilik xo‘jaligini yuritish, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda berilgan yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqiga ega bo‘lgan.
Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarga qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun foydalanishning muayyan muddati belgilab berilgan yer uchastkalaridan muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqi, yuridik va jismoniy shaxs, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxs tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xususiylashtirilgan yoki sotib olingan yer uchastkalariga mulk huquqi, yuridik va jismoniy shaxsga ijaraga berilgan yer uchastkalarini ijaraga olish huquqlari mavjud bo‘lgan.
Yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni nazorat qilish mahalliy davlat hokimliklari vakolatiga kirgan, lekin ular deyarli hech qanday nazorat olib bormagan.
Misol uchun, fermer xo‘jaliklari yoki fuqarolar tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadsiz foydalanish, o‘zboshimcha egallab olib turli qurilishlarni amalga oshirish va boshqa holatlar yer nazoratchilari tomonidan aniqlanib, ularni bartaraf etish, tegishli chora ko‘rish maqsadida mahalliy hokimliklarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan bo‘lsa-da, lekin hokimliklar aybi bilan bartaraf etilmay qolib ketgan.
Bundan tashqari, yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan bino va inshootlarga mulk huquqi rasmiylashtirilib, ular egallagan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq esa faqat tuman (shahar)hokimining qarori asosida ro‘yxatga olingan.
–Mazkur farmon asosida qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi?
-–E’tiborli jihati shundan iboratki, mazkur farmondan so‘ng fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining yer uchastkalaridan foydalanish, unga bo‘lgan huquqlari to‘liq davlat himoyasiga olinadi.
Ushbu farmon davlatimiz rahbarining yer sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, yer ajratishning barcha uchun teng, shaffof tartibini joriy etish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash bo‘yicha topshiriqlari ijrosiga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, joriy yilning 1 avgustidan tuman(shahar) hokimlarining yer uchastkalari berish, ularga mulk huquqini e’tirof etish va yerlar nazoratini olib borish vakolati bekor qilinadi.
Yerga bo‘lgan huquq turlari 6 tadan 3 taga qisqartirilmoqda, ya’ni xususiy sektor uchun–mulk va ijara huquqi, davlat tashkilotlari uchun – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bekor qilinadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar, fuqarolar endi barcha turdagi (turar joy va noturar joy maqsadlari) qurilishlar uchun faqat onlayn auksionda yer sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi yerlariga ijara huquqini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarori bilan ochiq elektron tanlov asosida berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Yer uchastkalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi taklifiga asosan davlat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga, yer normativ qiymatining 2 baravariga teng mablag‘ depozitga qo‘yilganda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimligi taklifiga asosan yirik agrosanoat klasterlariga, yaxshi taklifni tanlash (“swiss challenge”) orqali aniqlangan investitsiya loyihasi tashabbuskoriga – loyiha qiymati kamida 10 million dollar (yer maydoniga mos ravishda oshib boradi) bo‘lganda va oldindan kamida 10 foizi depozitga qo‘yilganda tanlovsiz beriladi.
Yana bir afzallik jihati shundan iboratki, ushbu farmon asosida yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishda nazorat kuchaytirilmoqda. Hokimning yer munosabatlari bo‘yicha qarorlari “Ye-qaror” axborot tizimida, yerning joylashuv xaritasi Kadastr axborot tizimida shakllantiriladi.
Foydalanishdagi yerlarni noqonuniy sotishni rasmiylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ayni bir hujjat bilan bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish va boshqa shaxsga ajratish taqiqlanadi.
Bunda foydalanishda bo‘lgan yer dastlab zaxiraga qaytariladi, hokimlik nomiga kadastr ro‘yxatidan o‘tkaziladi, shundan keyin uni tanlov yoki auksion orqali boshqa talabgorga ajratish mumkin bo‘ladi. Yerga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, hujjatlarni to‘plash va ko‘rib chiqish jarayoni “Ye-yer nazorat” axborot tizimi orqali yuritiladi. Yer toifasidan qat’iy nazar, barcha turdagi yer va bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, yerdan maqsadli foydalanish ustidan davlat nazorati Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Kadastr organlariga yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish hamda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish huquqi berilmoqda.
Yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli turar va noturar bino, inshootlar joylashgan yer uchastkalariga xususiy mulk huquqi sifatida xususiylashtirishni amalga oshirish kafolati ta’minlanadi va yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish uchun sharoit yaratiladi.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning huquqlari, qonuniy manfaatlari himoyasi kuchaytiriladi. Belgilangan norma talablaridagi qarama-qarshiliklar bartaraf etiladi.
Yer uchastkalari aylanmasi va ulardan foydalanishning zamonaviy bozor mexanizmini amalga oshirish, shuningdek, yer resurslarini bozor aylanmasiga kiritish va ularni bozor munosabatlarining ob’ekti, vositasiga aylantirish mexanizmi joriy etiladi. Yerlardan oqilona va samarali foydalanishni rag‘batlantirish tizimi yaratiladi. Pirovardida, yer sohasida korrupsiya holatlariga barham beriladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA