Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1 avgustdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi? (+video)
18:55 / 2023-07-31

1. Ayrim tibbiyot muassasalarida tibbiy psixolog, suitsidolog lavozimlari joriy etiladi.

Joriy yilning 19 iyun kuni aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini tubdan takomillashtirish maqsadida “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezident qarori qabul qilindi.  

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 avgustdan tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida – tibbiy psixolog; statsionar o‘ringa ega bo‘lmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – suitsidolog; statsionar o‘ringa ega bo‘lgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida – qabul bo‘limi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etish belgilangan.  

2. Ota-onalarning farzandi ta’limi uchun to‘lagan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi.  

“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, soliq to‘lovchilar tomonidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritiladi.  

3. Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish bo‘yicha elektron platformasi ishga tushiriladi.

Joriy yilning 16 may kuni “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi   Prezident qarori qabul qilindi.  Unga ko‘ra 2023 yil 1 avgustdan: “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi” ishga tushiriladi; suv omborlarida ishlovchi mas’ul xodimlarning seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish va birlamchi tahlil qilish bo‘yicha har 2 yilda malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

4. Davlat organlari rahbarlari raqamli texnologiyalar bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 208-sonli Vazirlar Mahkamasi  qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Davlat organlarining birinchi rahbarlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.

5. Yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.

Qonunchilikka ko‘ra, 2023 yil 1 avgustidan Yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan mikroqarz shaklida; “Yoshlar daftari” va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armalari hisobidan beriladigan subsidiya mablag‘larini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga ko‘ra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) o‘tkazishga ruxsat beriladi.

6. Davlat organlarining axborot texnologiyalari sohasidagi ayrim mas’ul xodimlariga 20 foiz miqdorida ustama to‘lanadi.

2023 yil 1 avgustdan qonunchilikka ko‘ra: axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xalqaro sertifikatga ega davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul xodimlariga o‘rnatilgan ustamalarga qo‘shimcha ravishda lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz miqdorda ustama to‘lanadi. Bunda, xalqaro sertifikat ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan shakllantiriladi va uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.  Raqamli texnologiyalar vazirligining axborot texnologiyalari hamda raqamli xizmatlar joriy etilishi holatini baholash reytingi bilan qamrab olinmagan davlat organlari rahbarlarining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosarlariga har oyda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 30 foizi miqdorida ustama haq to‘lanishi belgilangan.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/DSoWF7gt1Es" title="1 avgustdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov,  O‘zA