Prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi.
Hujjatga asosan, 2022 yil 1 apreldan boshlab mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi hamda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – 440 000 so‘mdan 622 000 so‘mgacha oshiriladi.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 000 so‘m miqdorida nafaqa to‘lovi joriy etiladi.
Parvarishlash nafaqasi fuqarolarning Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga qilgan murojaatlari asosida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan tayinlanadi va to‘lanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA