1,5 mingga yaqin tadbirkor qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisiga aylanmoqda
Fargʻona viloyati aholisi hisobida daromad soligʻining yaxlitlanishi natijasida 21,4 milliard soʻm, sugʻurta badalining bekor qilinishi natijasida esa 377,6 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ qolishi kutilmoqda.
Soliq islohotlari konsepsiyasida koʻzda tutilgan oʻzgarishlarni amaliyotga joriy etish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil 24 dekabr kuni imzolangan “Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni bilan amaldagi Soliq kodeksining 111 ta moddasiga oʻzgartirishlar kiritildi, bir qator soliqlarining amaldagi stavkalari pasaytirildi, ayrim soliq va toʻlovlar bekor qilindi. Taʼkidlash joiz, mazkur oʻzgarishlar mamlakatimiz soliq tizimida tub oʻzgarishlarni boshlab berdi.Masalan, yagona 12 foizli daromad soligʻi joriy etilishi hamda 8 foizli sugʻurta badalining butunlay bekor qilinishi aholi real daromadlarini ortishiga xizmat qiladi.
Fargʻona viloyati aholisi hisobida daromad soligʻining yaxlitlanishi natijasida 21,4 milliard soʻm, sugʻurta badalining bekor qilinishi natijasida esa 377,6 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ qolishi kutilmoqda.
Viloyatda 2019 yil soliq konsepsiyasini amalga oshirish, soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlarni soliq toʻlovchilarga tushuntirish va ularga koʻmaklashish maqsadida viloyat, shahar va tumanlarda ishchi guruhlari tuzildi. 2019 yildan boshlab yillik tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan oshib, umumbelgilangan tartibda soliqlar, xususan, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlash tartibiga oʻtayotgan 1,5 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlarining har 10 tasiga bir nafar malakali soliq xodimi masʼul etib biriktirildi.
Eʼtiborli jihati, soliq tizimidagi oʻzgarishlarni soliq toʻlovchilarga batafsil yetkazish maqsadida targʻibot-tashviqot ishlari nafaqat markazda, turli majlis binolarida emas, balki tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatayotgan joylarga chiqib ham olib borilmoqda, ularning yangi oʻzgarishlarga munosabati, takliflari oʻrganilmoqda, qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob berilmoqda.
Ana shunday targʻibot tadbirlari Quvasoy shahri va Uchkoʻprik tumanida ham davom ettirilib, u yerda faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning huzuriga borgan holda olib borildi, ular bilan fikr almashildi.
– Bizning korxonada 40 nafar quvasoylik yoshlar ish bilan taʼminlangan, – deydi quvasoylik tadbirkor Aʼzamjon Qosimov. – Deylik, ularga oʻtgan yilgi tartib boʻyicha 1 million soʻm maosh beradigan boʻlsak, soliq yuki ortib ketardi. Bu esa ishchilarning eʼtiroziga, baʼzi hollarda naqd pulda “konvert” usulda oylik berishni soʻrashlariga olib kelardi. 2019 yildan joriy qilingan daromad soligʻining 12 foizli yagona stavkasi, yagona ijtimoiy toʻlovning 12 foizgacha tushirilishi qator yengilliklarni yaratib beryapti. Bunday jarayon xodimlar maoshini koʻtarishga, ularga koʻproq haq toʻlashga sharoit yaratadi. Bu oʻz-oʻzidan ishchini ragʻbatlantirish, qoʻshimcha sharoitlar yaratish, ishchining oʻz ishidan mamnun boʻlishiga olib keladi.
Uchkoʻprik tumanidagi trikotaj matosini boʻyash va gul bosishga ixtisoslashgan “Doʻst Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonasi, shifer ishlab chiqaruvchi “Dolina grand shifer”, avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi boʻlgan “Tosh Energo Gaz” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga masʼul xodimlar tashrif buyurdi va oʻzgarishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Uchkoʻprik tumanida yillik tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan oshgan 114 ta yuridik shaxs umumbelgilangan soliqlar toʻlash tartibiga oʻtayotganligi hududdagi soliq xizmati xodimlari zimmasiga qoʻshimcha masʼuliyat yuklaydi. Sababi, yangi soliq toʻlash tartibiga oʻtayotgan tadbirkorlik subyektlari soni boshqa tumanlarga qaraganda ancha koʻp, albatta, bunday holat kengroq targʻibot-tashviqot, tushuntirish ishlarini olib borishni taqozo etadi.
Taʼkidlash joiz, tumandagi aksariyat korxonalar “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan boʻlib, u yerda xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish va shu orqali aholi farovonligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.