
-
Bugun xalqlarimiz uchun haqiqatan ham katta va uzoq kutilgan bayram. Biz uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi haqidagi tarixiy shartnomani imzoladik. Bundan buyon chegaralar – birodarlik chiziqlari, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va hamkorlik makonidir.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Yangi O‘zbekiston qanday davlat, degan savolga eng to‘g‘ri javob: o‘z xalqining istiqboli va farovonligini qo‘shnilari bilan uzviy holda ko‘ruvchi, mintaqada inson qadrining barcha narsadan ustunligini ta’minlash borasida ortga qaytmas islohotlarni amalga oshirish tashabbuslarini ilgari suruvchi va bu borada o‘zi har tomonlama o‘rnak bo‘ladigan davlatdir.
Yangi O‘zbekiston mintaqa tinchligi tarafdori: muhim chizgilar va raqamlar 2017-2024 yillarda jahondagi muammoli masalalarni o‘zaro kelishgan holda hal etish, ishonch inqiroziga barham berish, o‘zaro iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiluvchi takliflarni eng ko‘p ilgari surgan davlat rahbari aynan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdir.
Davlatimiz rahbarining 2017 yildan boshlangan tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash eng ustuvor vazifa etib belgilangan. Xususan, Prezidentimiz 2017-2024 yillarda mintaqa mamlakatlari manfaati nuqtai nazaridan 260 ga yaqin muhim va dolzarb taklif hamda tashabbus, ezgu g‘oyalarni ilgari surdi. Ularni ikki yo‘nalishda tahlil qilish mumkin:
birinchi yo‘nalishdan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro savdo-sotiq borasida yengilliklar joriy etish, mintaqada energetika xavfsizligini ta’minlash, logistik imkoniyatlarni oshirish, ilmiy, madaniy, san’at kabi 20 dan ziyod istiqbolli sohada hamkorlik qilishga qaratilgan 150 ga yaqin taklif va tashabbus o‘rin olgan;
ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha mintaqa davlatlari va boshqa mamlakatlar o‘rtasida aloqalar o‘rnatish va rivojlantirish, investitsiya jalb etish, mintaqaning tarixiy savdo markazi sifatidagi maqomini qayta tiklash, mahsulotlarini xorijga eksport qilish imkoniyatini oshirish, hududdagi davlatlarning muammolarini hal etishda birgalikda harakat qilishga qaratilgan 110 ga yaqin taklif bildirilgan.
2025 yilda Prezidentimizning juda tig‘iz faoliyati kun tartibidan mintaqada tinchlikni mustahkamlash, turli sohalarda mintaqa davlatlaridagi aloqalarni yanada rivojlantirishga doir ezgu tashabbuslar o‘rin olganini ta’kidlash kerak.
Davlatimiz rahbari bugun mintaqaning jahon maydonidagi nufuzini yanada oshirish va mustahkamlash, uning zamonaviy dunyodagi “boshqalarda mavjud bo‘lmagan imkoniyatlari”ni ishga solish, mintaqaning iqtisodiy, madaniy, investitsiyaviy va sayyohlik jozibadorligini oshirish borasida juda ulkan xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston: ishonchli do‘st va strategik sheriklar
Tojik xalqi — birodarlarimiz. To‘y va marosimlarimiz, tadbirlarimizda, albatta, biz ularnikida, ular esa biznikida ishtirok etadi. Bu o‘zaro yaqinlik, do‘stlik deyiladi.
Prezidentimizning Tojikistonga amaliy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda qator ijobiy jihatlari bilan oldingilaridan ajralib turdi:
birinchi ijobiy jihati: tashrifning muborak Ramazon hayiti vaqtiga to‘g‘ri kelganidir. Dini va e’tiqodi bir bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda samimiy tilak va niyatlar ijobat bo‘ladigan vaqt muhim ahamiyat kasb etadi;
ikkinchi ijobiy jihati: tashrif davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirganidir. Bu tarixiy ulug‘ niyatning qalblardan amaliy maydonga ko‘chishini anglatadi. Tashqi ishlar vazirlarining ratifikatsiya yorliqlarini almashgani ham ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, ittifoqchi do‘stlar o‘rtasidagi yuksak ishonchning huquqiy va siyosiy timsolidir;
uchinchi ijobiy jihati: 10 ga yaqin sohada qo‘shma loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha davlat rahbarlari o‘zaro fikr almashgani. Buning natijasi o‘laroq, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi kabi muhim sohalar bo‘yicha hamkorlik yanada jadallashadigan bo‘ldi;
to‘rtinchi ijobiy jihati: jahondagi muhim masalalar bo‘yicha ikkala davlat rahbarlari yakdil pozitsiyada ekani yuzasidan siyosiy birlik yana bir bor tasdiqlandi.
Keling, shu o‘rinda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi hamkorlikka doir muhim nuqta va chizgilarni tahlil qilsak:
birinchi muhim nuqta: o‘zaro tovar ayirboshlashdagi erkinlik. Natijada 2024 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash qiymati 700 million dollardan oshdi;
ikkinchi muhim nuqta: iqtisodiy samaradorlikka eltuvchi kooperatsiya loyihalari samaradorligi.
Bunday loyihalar, asosan, beshta muhim soha va tarmoqda, jumladan, sanoat, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda;
uchinchi muhim nuqta: hududlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani. Prezidentimiz bu borada 2017-2024 yillarda jami 12 marotaba hududlararo hamkorlik o‘rnatish, hududlararo forumlar tashkil etish bo‘yicha amaliy taklifni ilgari surgan.
Mazkur forumlar do‘st xalqlar o‘rtasida yuzaga kelgan muzliklarni butunlay parchalab tashladi. Yana qarindoshlik, hamkorlik va sheriklik eshiklari ochildi. Siyosatda bir qoida bor: “yaxshi qo‘shni bilan ochiq yuzlilik yuz yillik istiqbolning kafolatidir”;
to‘rtinchi muhim nuqta: faol madaniy-gumanitar almashinuv yo‘lga qo‘yilgani.
O‘zbek va tojiklar — madaniyati, san’ati va adabiyoti o‘zaro o‘xshash bo‘lgan xalqlar. Xalqaro aloqalarni tutib turuvchi va sayqallovchi jihat madaniy hamkorlikdir. So‘nggi yillarda ikki davlat hamda hududlar o‘rtasida qariyb 100 ga yaqin madaniy va gumanitar almashinuv amalga oshirildi. Ayniqsa, ilm-fan sohasida oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasida oldin mutlaqo bo‘lmagan yaqin aloqalar o‘rnatildi va rivojlanib bormoqda.
Tashrif davomida bir jihat menda juda katta taassurot qoldirdi: Prezidentimizni Emomali Rahmonning o‘zi Tojikiston ostonasida kutib oldi, yuzidagi samimiyat, ehtirom va qadr – bular faqat eng yaqin va eng ishonchli do‘stlargagina ko‘rsatiladigan ehtiromdir. Yangi O‘zbekiston rahbarining xalqaro maydonda, ayniqsa, qo‘shnilar tomonidan mana shunday samimiy e’zozlanishi zamirida, avvalo, ulug‘ xalqimizga mehr va do‘stlik mujassam, desak adashmagan bo‘lamiz.
Birodar xalqlarning orzusi amalga oshgan tarixiy uchrashuv: yangi munosabatlar makoni yaratildi 2025 yil 31 mart o‘zbek, tojik va qirg‘iz xalqlari tarixida muhim sana sifatida muhrlanadigan bo‘ldi. Nega, deysizmi? Unda quyidagi tarixiy natijalarga e’tibor bering:
birinchi tarixiy natija: aynan shu kuni yillar davomida og‘riqli savol bo‘lib qolayotgan aksariyat masalalar o‘zining uzil-kesil ijobiy yechimini topdi. Mana shulardan biri chegara masalasidir;
ikkinchi tarixiy natija: aynan shu kuni uch davlat o‘rtasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi.
Davlat chegarasi har bir mintaqadagi muhim masalalardan. Chunki chegara bu — xavfsizlik degani, chegara bu — davlat degani. Muayyan makon yoki hududsiz davlat hokimiyatini tasavvur etib bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda chegaralarni ochish, chegara hududlarni sanoatlashtirish, ma’muriy bojxona tizimini soddalashtirish, yagona viza tizimini joriy etish, chegaralarda madaniy tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq 10 dan ziyod taklifni ilgari surib kelmoqda. Mazkur shartnomaning imzolanishi ham aslida bundan 7 yil oldin Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan takliflarning amaldagi ro‘yobi.
Chegaralar ochilishi natijasida tarixi, dini, tili hamda qadriyatlari bir va o‘xshash bo‘lgan do‘st va qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar qayta tiklandi, so‘ngan umidlarga qaytadan hayot baxsh etildi. Chegaralar ochilishi, transport qatnovlari qayta yo‘lga qo‘yilishi, chegaraoldi hududlarda savdo-iqtisodiy markazlar tashkil etilishi, faol madaniy-gumanitar hamkorlik natijasida mintaqa xalqlarining ertangi kunga umidi qaytdi, uzilgan qarindoshlik aloqalari tiklandi.
Joriy yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekistonga kelgan sayyohlarning eng ko‘pi, ya’ni 422 ming 591 nafari Qirg‘iziston va 401 ming 377 nafari Tojikiston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich qariyb 800 mingdan ziyod birodarimiz ziyorat qilish, borib ko‘rish uchun muqaddas zaminimizni munosib topgani, yaratilgan imkoniyatlar, ochiq chegaralar orqali qalblarimiz ham o‘zaro yaqinlashganiga ramziy ishora emasmi?! Aynan shunday!
Imzolangan yangi shartnoma esa xalqlarimiz o‘rtasidagi chegara bilan bog‘liq masala yuzasidan uzil-kesil yakdil qarorning huquqiy asosidir. Qisqasi, Xo‘janddagi chegaraga doir kelishuv qalblarimizda yangi niyat va orzular tug‘ilishiga, tarixiy ishonchning qaytishiga sabab bo‘ldi;
uchinchi tarixiy natija: uch davlat rahbarlari tomonidan Do‘stlik stelasi ochildi.
Aslida Do‘stlik stelasi qardoshlik, ishonch va strategik sheriklikning oliy ramzidir. Nega ramz deyapmiz? Chunki u xalqlarimiz o‘rtasida yillar davomida shakllangan qiymati tengsiz tuyg‘ular va hurmatning kelgusi yuz yillarga qadar saqlanishiga ishoradir.
Yana bir muhim jihat shundaki, do‘stlik ramzi mintaqa mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mintaqa va jahondagi global masalalar yuzasidan yagona pozitsiyada turgani, ya’ni bugun ular xalqaro huquqning yagona sub’ektiga aylanganiga ishora hamdir. Chunki do‘stlik tuyg‘usi sizu biz o‘ylagandan ham kengroq va qadrliroq.
Siyosiy nuqtai nazardan qaraganda, bunday natijaga erishish juda mushkul! Biroq davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlab ish yuritishi, siyosiy donoligi, oqilona hamda puxta o‘ylangan tashqi siyosati hamda samimiy muloqoti natijasida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy jihatdan o‘zining eng gullagan davriga kirib keldi;
to‘rtinchi tarixiy natija: mintaqa uchun dolzarb ahamiyatga ega nufuzli 4 ta xalqaro tadbir, ya’ni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti; mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bag‘ishlangan Iqlim forumi; “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi navbatdagi sammiti hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi kun tartibi, undagi muhim masalalar yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi. Bu borada muntazam maslahatlashuvlar yo‘lga qo‘yilgani hamkorligimizga yanada amaliy ruh bag‘ishlaydi.
Jumladan, “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi sammitiga e’tibor qaratsak. 2023 yilda birinchi bor o‘tkazilgan sammit doirasida Prezidentimiz tomonidan beshta asosiy va ikkita kichik yo‘nalish bo‘yicha bildirilgan 10 ga yaqin taklif natijasida arab va Markaziy Osiyo davlatlari hamda xalqlariga juda katta iqtisodiy va madaniy yutuqlar yaratilmoqda. Misol uchun, arab davlatlarining dunyo tan olgan ishbilarmonlari bilan hamkorlik natijasida mintaqaning energetika salohiyati oshib bormoqda. ACWA Power, Masdar, Mubadala, TACA, Nebras Power kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik bunga yorqin misol.
Shuningdek, turizm, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, transport zanjirlarini yaratish borasida ham qator yutuqlarga erishilmoqda;
beshinchi tarixiy natija: chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish borasida qator muhim rejalar kelishib olindi.
Nima uchun bu masala alohida muhokama qilindi? Chunki chegaradagi savdo muhiti o‘zaro tovar ayirboshlash hamda iqtisodiy hamkorlikda bosh asos bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘n karradan ziyod oshgan, ushbu ko‘rsatkichning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga to‘g‘ri keladi.
Tadbirkor uchun chegarada turib hech qanday to‘siqlarsiz o‘z mahsulotini realizatsiya qilish muhim. Bunda tadbirkor ham vaqtdan yutadi, ham naqdini olib, o‘z yo‘lida davom etadi.
Prezidentimizning tarixiy sa’y-harakatlari bilan mintaqa yagona iqtisodiy makonga aylandi. Ya’ni mavjud iqtisodiy salohiyatning sekin-astalik bilan ishga tushirilishi, xususan, chegaralarda savdo markazlari tashkil etilishi hamda iqtisodiy salohiyat va kuchlarning birlashuvi, o‘zaro savdoda imtiyozlarni taqdim etish mintaqa bozorining to‘kinligi, narx-navo barqarorligi, eksport hajmining keskin ortishi, yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi kabi ijobiy natijalarga olib keldi.
Prezidentlar tomonidan ushbu masalaning alohida muhokama qilinishi yuqoridagi yutuqlarning kelgusidagi rivoji uchun juda muhim;
oltinchi tarixiy natija: sanoat kooperatsiyasi loyihalarini moliyalashtirishni davom ettirish borasidagi imkoniyatlardan unumli foydalanish muhokama qilindi.
Prezidentimiz bu borada qo‘shma investitsiya jamg‘armalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirish borasidagi taklifni ilgari surganiga e’tibor qaratsak.
Ushbu taklifning amalga oshirilishi:
birinchidan, muayyan sohani zarur mablag‘ bilan tezkor ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Bu esa dunyo bozoridagi eng qimmat tovar – vaqtni tejash va undan samarali foydalanishga xizmat qiladi;
ikkinchidan, qo‘shma investitsiya resurslari orqali mintaqa bozoridagi muayyan mahsulot yoki tovarga ehtiyoj ta’minlanadi. Bu degani katta hududdagi 82 milliondan ziyod xalqning ehtiyojini qanoatlantirish uchun yetarli imkoniyat yaratiladi;
uchinchidan, faol realizatsiya orqali pulning mintaqadan tashqariga chiqib ketishining oldi olinadi. Bu degani mintaqada zamonaviy kooperatsiya muhitini shakllantirish borasidagi imkoniyat ortadi;
to‘rtinchidan, mintaqada yangi ish o‘rinlari ochilishi hamda yangi kasb egalari avlodi shakllanishiga erishiladi.
Bugun mamlakatimiz ishbilarmonlari Tojikiston va Qirg‘izistonning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga faol sarmoya kiritmoqda. Bu boradagi iqtisodiy kuchlar birlashtirilsa, Prezidentimiz aytganidek, mintaqa xalqlarining turmushi yanada farovon bo‘ladi, ertangi kunga ishonchi ortadi;
yettinchi tarixiy natija: transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Endi bu boradagi ishlar ikki muhim yo‘nalishda bajariladi:
birinchi yo‘nalish: aviaqatnovlar soni ko‘payishi va geografiyasi kengayishi;
ikkinchi yo‘nalish: chegaraoldi hududlardagi shaharlar o‘rtasida yangi avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishi.
Bu ishlar xalqlarimiz o‘rtasidagi bordi-keldi munosabatlari, xususan, turizmning yanada rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Markaziy Osiyoning logistika jozibadorligi asoschisi, hech shubhasiz, Prezidentimiz. Xususan, o‘tgan yillarda mintaqa logistikasini bugungi zamonaviy sharoitlarga moslashtirish, mintaqaning transport sektorini raqamlashtirish, logistika sohasidagi kompaniyalar va xodimlari salohiyatini oshirishga doir o‘nlab tashabbus aynan davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va bugun ular bo‘yicha amaliy yutuqlarga erishilmoqda;
sakkizinchi tarixiy natija: “yashil” energetika, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish va amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgani uchrashuvning mintaqa xalqlari taqdiridagi ahamiyatini yanada oshirdi.
Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston rahbariyati oldin ham qariyb 20 ga yaqin taklifni ilgari surgan. Ular bo‘yicha bugun qator tashkiliy tuzilmalar tashkil etilgan, huquqiy hujjatlar qabul qilingan va dasturlar yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, mintaqada suv taqchilligining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish, to‘xtab qolgan muhim yirik suv loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida bajarilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar shular natijasidir.
“Yashil” energetikasiz mintaqa va davlatlarning kelajagini tasavvur qilish qiyin. Shu sababli ham Xo‘janddagi uchrashuvda ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilgani bejiz emas;
to‘qqizinchi tarixiy natija: uchrashuvdagi Prezidentimiz tomonidan muhim masala ilgari surildi. Bu — uch davlat hukumatlari iqtisodiy yo‘nalishda yanada faol ishlashiga doir taklif.
Bugunga qadar davlatlarimiz o‘rtasida qariyb 20 ga yaqin soha va tarmoq, hududlar kesimida samarali iqtisodiy hamkorlik qilinmoqda. Ayniqsa, o‘zaro imtiyoz va imkoniyatlar natijasida mutlaqo yangi ishbilarmonlik muhiti shakllandi.
Endi ularni yanada rivojlantirish masalasiga hukumatlar darajasida e’tibor qaratish va harakat qilish vaqti kelgani davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlangani ijro hokimiyatiga katta mas’uliyat yuklash bilan birga, iqtisodiy faoliyatni uyg‘un holda yuritish zarurligini ham ko‘rsatdi.
Yakunda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilari tomonidan imzolangan qo‘shma deklaratsiya uchrashuv davomida ilgari surilgan kelishuvlar asnosida istiqbolli hamkorlikni yangi bosqichda olib borish imkoniyatini yaratib berishiga umid qilamiz.
Shuningdek, tashrif davomida bir necha madaniy tadbir tashkil etilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat, o‘zaro yaqinlik, do‘stlikning tarannum etilishiga xizmat qildi. Madaniy tadbirlarda ijro etilgan chegara bilmas san’at asarlari uch xalqni kelajak haqida birgalikda o‘ylash, sa’y-harakatlarni birlashtirish va maqsadlarni uyg‘unlashtirib, o‘zaro do‘stlik degan yuksak qadriyat atrofida jips bo‘lgan holda olg‘a intilishga chorladi.
Intilishi o‘xshash xalqlarning istiqboli porloq bo‘ladi Xo‘janddagi kelishuvlar amalga oshirilishi tuprog‘i, dini, taqdiri bir, tashvishu quvonchi o‘xshash xalqlarimiz taqdiri uchun juda muhim. Buni qator jihatlarda ko‘rish mumkin. Jumladan, bildirilgan taklif va tashabbuslar natijasida:
– xalqlarimiz o‘rtasida savdo-sotiq yanada rivojlanadi;
– yangi soha va tarmoqlar rivojlanadi, yangi korxonalar barpo etilib, yangi ish o‘rinlari ochiladi;
– iqtisodiy kuchlar birlashtirilib, mintaqaning eksport hajmi ortadi;
– eng muhimi, xalqlarimiz o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, qarindosh-urug‘chilik va mehr-oqibat kabi tuyg‘ular yanada mustahkamlanadi.
Amaliy tashrif aziz xalqimiz va jonajon yurtimiz uchun juda muhim natijalarga boy bo‘ldi. Taraqqiyotimizning bugungi ustuvor yo‘nalishlari belgilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazishdek ulkan maqsadlar belgilangan. Bunday yuksak natijalarga faqat bitta yo‘l – u ham bo‘lsa, mintaqadagi qo‘shnilarimiz bilan birga erishamiz.
Bugun dunyoda yuzaga kelayotgan tahlikali, murakkab vaziyatlarda omon qolishning yagona yo‘li mintaqa davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashdir. Shuning uchun ham mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosat – mintaqa davlatlari bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda “Yangi O‘zbekiston” degan ulug‘ g‘oyani reallikka aylantirish borasida barchamiz birdek harakat qilishimiz zarur.
Akbarshoh TESHABOEV,
Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent