
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlariga 2025 yilda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yosh va navqiron o‘g‘lonlar Nukus shahriga yetib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun Nukus shahriga temir yo‘l transporti bilan yetib kelgan o‘g‘lonlarni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Qurolli Kuchlar faxriylari, keng jamoatchilik vakillari “Nukus” temir yo‘l vokzalida kutib olishdi.
[gallery-22283]
Mamlakatimizning turli viloyatlaridan saralab olingan mana shunday mard va zabardast o‘g‘lonlar joylarda tantana bilan kutib olinmoqda. Zero, yurt qo‘riqlashdek mas’uliyatli vazifaga kirishayotgan yigitlar xalqimiz, mamlakatimiz tomonidan yuksak qadrlanadi.
Shu munosabat bilan harbiy qismda o‘tkazilgan tadbirda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Rahmatullo Rahmonov so‘zga chiqib, Vatan oldidagi muqaddas va sharafli burchni bajarish uchun kelgan yurtimizning mard o‘g‘lonlariga bukilmas iroda va matonat tiladi. Qoraqalpog‘iston zaminiga yetib kelgan azamatlarni qutlab, bu yurtning boy tarixiy merosi, madaniyati va urf-odatlari bir yil davomida muddatli harbiy xizmatni o‘taydigan askarlarda katta taassurot qoldirishiga ishonch bildirdi.
Harbiy qismga yetib kelgan elimizning zabardast o‘g‘lonlari bo‘linmalarga bo‘linib, ular bilan bir oylik yig‘in mashg‘uloti o‘tkazilishi belgilangan. Yig‘inga biriktirilgan malakali ofitser va serjantlar endigina armiya hayotiga kirib kelayotgan chaqiriluvchilarga harbiycha hayot tarziga tez va oson moslashishlari uchun ko‘mak beradi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA