
Xabaringiz bor, shu kunlarda poytaxtimizda nufuzli xalqaro tadbir – Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi o‘tkazilmoqda.
Nufuzli anjuman oldidan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimovning “Jahon parlamentarizmi tarixidagi muhim bosqich” sarlavhali maqolasi O‘zA sayti va mahalliy gazetalarda chop etilgan edi.
Tadbir istiqboli, mazmun-mohiyati va mamlakatimizning parlament yo‘nalishidagi islohotlariga bag‘ishlangan tahliliy maqola, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi axborot agentliklari, Yevropa va Arab davlatlarining mashhur nashrlari e’tiborini ham tortdi.
Jumladan, material Chexiya Respublikasining “General News”, Qirg‘izistonning “Kabar” axborot agentligi, Turkiyaning “Demiro’ren Haber Ajansi”, Ko‘rfaz Arab davlatlari birlashmasi – “The Gulf Observer” kabi qator yetakchi xorij nashrlarida ham e’lon qilindi.

Shuningdek, Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi saytida ham “Parlamentlararo Ittifoq assambleyasi Markaziy Osiyoda ilk bor Toshkentda boʻlib oʻtmoqda” sarlavhali maqola chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 5-9 aprel kunlari bo‘lib o‘tayotgan assambleya yig‘ilishida dunyoning 181 mamlakati, 15 kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ziyod xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2000 ga yaqin delegat ishtirok etmoqda.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O'zA