
Vatanimiz tarixidagi 12 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1898 yil (bundan 127 yil oldin) – Xiva xoni Muhammad Rahimxon II xonlik hududida saqlanib qolgan muzeybop buyumlar – qadimiy madaniy yodgorliklarni to‘plash haqida farmon chiqardi. Tarixchi K.Xudoyberganovning qayd etishicha, xon viloyat hokimlariga shunday buyruq berdi: “Qadimdan qolg‘on yodgor nimarsalarni yo‘q qildirmasunlar, har bir tariqa ko‘hna joy va qal’a va imoratlar bo‘lsa, ne tariqa bino bo‘lg‘onlarini va ko‘hna tilla va fullar bo‘lsa borlab, topib munda yuborsinlar”. Mazkur farmon Muhammad Rahimxon Feruzning madaniyatimiz tarixiga, madaniy yodgorliklarimizga naqadar e’tibor va ma’suliyat bilan qaraganligidan dalolat beradi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Muhammad Rahimxon Feruz xonlikni yarim asrga yaqin muddat davomida boshqardi. O‘zi ham shoir va bastakor sifatida tanilgan xon saroyga adabiyot va san’at arboblarini to‘pladi. Uning hukmronligi davrida to‘plangan Xorazm osori atiqalari, tarixiy hamda badiiy asarlar, amaliy san’at yodgorliklaridan bir qismi 1890 yil Toshkentda, Parijda, 1895 yil Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan Butunrossiya ko‘rgazmasida, 1904 yil Amerikaning Olon shahrida o‘tgan xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish qilindi. Bu nodir va noyob san’at asarlari jahon ahlida Xorazmning betakror madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otdi.
1914 yil (bundan 111 yil oldin) – “Oyna” jurnalining shu kungi 25-sonida “Buxoro amirining xazinalari” sarlavhali maqola berildi. Unda quyidagicha yoziladi: “...Hozir Buxoro amirining tasarrufi ostida bo‘lgan xazinaning aqchasi (oltin va kumush) shu darajada mo‘lki, hech bir davlat xazinasida bul darajada ehtiyot saqlangan oltin va kumush pul va yombilar bo‘lmasa kerak. Buxoro amirining sanochlarida (charmdan tikilgan maxsus xaltalar) saqlanayotgan oltin va kumush pullar bo‘yi 50 olchin (1 olchin taxminan 70 sm ga teng) eni 20 olchin va balandligi 8 olchin bo‘lgan bir tog‘dan iboratdir. Bu xazinadan tashqari, uch olchin kattalikda yana bir yer to‘la xazinasi bo‘lib, u xazina rus, Buxoro va boshqa bir qancha davlatlarning oltin pullari bilan to‘ladir”.
Mazkur maqolada yana quyidagi faktlar ham qayd qilinganki, ular ham amir xazinasining nihoyatda boy bo‘lganini tasdiqlaydi. Amir xonadoniga tegishli xazina haqida guvohlik beruvchi bir yarim olchin (1 metr) qalinlikdagi daftar bo‘lib, bu daftarda amirning bobosidan buyon xazinaga to‘plangan oltin va kumush pullari haqida ma’lumotlar to‘plangan edi. 1914 yilga qadar mazkur daftardagi xazina ro‘yxati to‘la taftish qilinmagan. Bu xazinadan na millat taraqqiyoti, na madaniy eqtiyojlar, na mamlakat obodonchiligi va saodati yo‘lida biron qissa sarf qilinmagan. Ular to‘plangan, yig‘ilgan Buxoro xazinasi edi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – Leningraddan evakuatsiya qilingan “Elektropult” zavodi (1994 yildan “Chirchiq transformator zavodi” aksiyadorlik jamiyati) tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, zavodning tashkil etilishi tarixi 1932 yildan, kaskadi qurilayotgan Chirchiq GESi va azot-o‘g‘itlar kombinatining elektr jihozlarini ishlab chiqarish va ta’mirlash uchun “Chirchiqqurilish” elektromexanik trest ustaxonasi tashkil etilganida boshlangan.
1949 yil (bundan 76 yil oldin) – yozuvchi va jamoat arbobi Murod Muhammad Do‘st tavallud topdi. U 1993–1999 yillarda Prezidentning matbuot kotibi bo‘lgan. Uning “Galatepaga qaytish” qissasi (1983) istiqlol arafasi o‘zbek nasrida muhim voqea bo‘ldi. Murod Muhammad Do‘st o‘z asarlari bilan adabiyotimizning kitobiylashgan tilini yangilab, unga jonli xalq tili ranglari va ohanglarini olib kirdi, sheva doirasida qolib ketayotgan so‘z va iboralarning adabiy tildan o‘rin olishga to‘la huquqli ekanini isbotlab berdi.
1965 yil (bundan 60 yil oldin) – O‘zbekiston hukumatining “Urush nogironlari va urushda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oila a’zolari imtiyozlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda nogironlarni ishga joylashtirish to‘g‘risidagi masala ham ko‘tarildi.
1973 yil (bundan 52 yil oldin) – Jizzax viloyatidagi Zafarobod tumani tashkil etildi. Tuman hududidan qadimda Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Ustrushona, Zomin, Pishog‘ar kabi tarixiy joylar, ko‘hna qal’alar qoldiqlari, qadimgi qabristonlar saklangan.
1995 yil (bundan 30 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlarining guvohnomasi va ko‘krak nishoni to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi, milliy mafkura, yangicha tafakkurni shakllantirishdagi xizmatlari, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonidagi faol ishtiroki uchun Murod Muhammad Do‘st “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.
2002 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qidindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining tarozi va o‘lchovlar bo‘yicha bosh konferensiyasining assotsiasyalashgan a’zosi maqomini olishi to‘g‘risida”gi qarori qabul qidindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qidindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qidindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA