Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini targ‘ib etishga ham xizmat qiladi
Yangi qaror
Prezidentning “Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesini yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, birinchi Buxoro biyennalesida 14 ta madaniy meros ob’ekti ko‘rgazma va tadbirlar, ta’lim va tadqiqot, ijodiyot va ishlab chiqarish jarayonlari uyg‘unlashgan kreativ klasterga aylantiriladi.
Mamlakat tarixida ilk bor ushbu anjuman doirasida 70 dan ortiq zamonaviy loyihalar taqdim etiladi, ularning har biri Markaziy Osiyo va butun dunyodan tashrif buyuradigan mahalliy usta va rassomlar hamkorligida loyihalashtirilgan.
Hujjatga muvofiq, jahonga mashhur usta-ijodkorlar tomonidan 60 dan ziyod art ob’ekt, shu jumladan, installyatsiyalarni yaratish, ulardan biyennale o‘tkaziladigan joyni badiiy bezashda foydalanish va ularning eng munosiblarini dunyo bo‘ylab ko‘rgazmalarda namoyish etish ham belgilangan.

Bundan tashqari, biyennale haqida hujjatli film yaratish, shuningdek, undan foydalanib mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Har bir tomoshabin tadbirlar turkumida qatnashar ekan, O‘zbekistonning boy madaniy merosi, qadriyatlari, eski-tarixiy shaharlari xususida ko‘proq ma’lumotlar oladi. Bu albatta sayyohlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi.
Qarorda belgilanishicha, biyennale maxsus ta’lim dasturi asosida xalqaro darajadagi kuratorlarni tayyorlash hamda jahonning yetakchi san’at maydonlarida O‘zbekiston nomidan ishtirok etishini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA muxbiri