Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti shiddat bilan rivojlanib borar ekan, har bir davlat uchun mahsulot va xizmatlarning sifati, xavfsizligi va xalqaro talablarga mosligi asosiy omilga aylanmoqda. Shu jihatdan, O‘zbekistonda standartlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar milliy iqtisodiyotning ochiqligi va jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamlardan biridir.
O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishga tayyorgarligi — bu shunchaki huquqiy jarayon emas. Bu mamlakat qoidalari, tartib-taomillari va infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirishni nazarda tutuvchi keng qamrovli modernizatsiya jarayonidir. Xususan, bu jarayonda Xitoy bilan savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashinuvi hamda texnologiyaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni JSTning talablari va Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitim (TBT Agreement) asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur qonunning yangi tahriri mamlakatda standartlashtirish tizimini xalqaro amaliyot asosida takomillashtirish, texnik tartibga solish va sertifikatlash sohasidagi tuzilmaviy o‘zgarishlarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Bu esa O‘zbekistonning JST hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga samarali integratsiyasini ta’minlaydi.

O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlash ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2024 yilning o‘zida 1 739 ta xalqaro standart qabul qilindi. Natijada milliy standartlarning xalqaro talablarga uyg‘unlashish darajasi 2023 yildagi 24,2 foizdan 30,6 foizga yetdi.
Institut direktori o‘rinbosari Abror Davirovning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2024 yil 10 oktyabr kuni o‘tkazilgan taqdimotda 2025 yilda ushbu ko‘rsatkichni 40 foizga yetkazish vazifasi belgilab berilgan. Bu maqsadda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha 2 590 ta xalqaro standartlar ro‘yxati shakllantirilib, qabul qilingan. Hozirgi kunda yurtimizda 32 745 ta standart amal qilmoqda.

Institut tarkibida tashkil etilgan “Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi” O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lgandan so‘ng mahsulot va xizmatlarga qo‘yiladigan talablar hamda boshqa mamlakatlar qonunchiligi haqida axborot almashishni ta’minlaydi.

Bugungi kunda amaldagi standartlarning 12 958 tasi xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 39,6 foizni tashkil etmoqda. Yil yakuniga qadar 1 700 ta yangi xalqaro standart qabul qilinib, uyg‘unlashuv darajasini 45 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shunday qilib, xalqaro standartlarga uyg‘unlashish O‘zbekistonning global iqtisodiyotda munosib o‘rin egallashiga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlar eshigini ochishga va mamlakat iqtisodiy suverenitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA