
«Toshkent» xalqaro aeroportiga LET L-410 rusumli turbovintli samolyot qo‘ndi. Endi unda “Silk Avia” brendi ostida mahalliy parvozlar amalga oshiriladi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, ishlab chiqaruvchi zavodida parvoz xarakteristikalari tekshirilib, muvaffaqiyatli sinov parvozlari amalga oshirilganidan so‘ng havo kemasi Chexiyaning Kunovitse shahridan Toshkentga parvoz qilgan. Parvoz davomida samolyot yoqilg‘i quyish uchun oraliq qo‘nishlarni amalga oshirgan.
Hozirgi paytda uchta xuddi shunday samolyotda “Silk Avia” aviakompaniyasining muntazam parvozlari amalga oshirilmoqda. Ular Nukus – Muynoq – Nukus, Toshkent – Shahrisabz – Toshkent va Toshkent – Zomin – Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha parvoz qilmoqda.
- Bu samolyotlar ma’lum hududlar uchun ishonchli va samarali parvozlarni amalga oshira olishini ko‘rsatdi va chekka hududlarda mazkur transport turidan foydalanilishini ta’minlab berdi. Biz mamlakatimiz aholisi uchun havo qatnovining qulay va arzonligini ta’minlash orqali yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada kengaytirish niyatidamiz, - deydi «Uzbekistan Airways» AJ boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulov.
LET L-410 rusumli samolyotlari 500 metrgacha bo‘lgan qisqa masofaga uchishi va qo‘na olishi tufayli hududiy parvozlarni amalga oshirish uchun juda qulay. Ular hatto tuproqli uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham uchishi va qo‘nishi mumkin. Bu rusumdagi samolyotlar Selsiy bo‘yicha -50 dan +50 darajagacha bo‘lgan ekstremal ob-havo haroratlariga ham chidamli.
To‘rtinchi LET L-410 samolyoti zarur tadbirlarni bajarganidan so‘ng Silk Avia yo‘nalishi doirasida muntazam parvozlarni amalga oshirishga kirishadi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hududiy havo qatnovlarini xalqaro xavfsizlik va qulaylik standartlariga muvofiq rivojlantirishga alohida e’tibor bergan holda aviaparkni modernizatsiya qilish ishlarini davom ettiradi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA