Germaniya mezbonligida o‘tgan XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Dunyoning 58 ta mamlakatidan kelgan 5 ming 100 nafardar ortiq talaba “Universiada-2025” o‘yinlarida 18 ta sport turi bo‘yicha 234 ta jamlanma medallar uchun bahs olib bordi.
Quvonarlisi, ushbu musobaqada mamlakatimizning 18 ta oliy ta’lim muassasasida tahsil oluvchi 53 nafar o‘zbek talaba-sportchilari yurt sharafini himoya qildi. Jumladan, O‘zbekiston sport delegatsiyasi mazkur musobaqada 11 ta sport turi – kamondan otish, sport gimnastikasi, yengil atletika, suvga sakrash, dzyudo, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, suzish, stol tennisi, taekvondo WT va tennis bo‘yicha bahslarda qatnashib, 4 tadan oltin va kumush hamda 7 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida badiiy gimnastikachimiz Taxmina Ikromova halqada va tasmada mashq bajarishda oltin, bulava hamda ko‘pkurash bahslarida kumush, jami 4 ta medalga ega chiqdi. Uning ushbu medallari natijasida badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida ikkinchi pog‘onadan joy oldi. Neytral maqomdagi gimnastikachilardan iborat terma 2 tadan oltin va kumush hamda 1 ta bronza bilan birinchi bo‘lgan bo‘lsa, ozarbayjonlik gimnastikachilar 2 ta oltin va 1 ta bronza bilan kuchli uchlikdan joy oldi.

Yengil atletikaning ayollar o‘rtasida uch hatlab sakrash bellashuvlarida esa Sharifa Davronova 14,33 metr natija ko‘rsatib, delegatsiyamiz hisobiga oltin medalni keltirdi.

Shuningdek, bu galgi Universiada o‘yinlarida taekvondo WT bahslari hamyurtlarimiz uchun omadli bo‘ldi. Dastlab musobaqaning yakkalik bellashuvlarida Madina Mirabzalova (-57 kg), Shamsiddin Qurbonov (-58 kg) va Najmiddin Qosimhojiyev (-74 kg) bronza, vazni 87 kilogrammdan ortiq bo‘lgan taekvondochilar o‘rtasida Marat Mavlonov kumush medal bilan taqdirlandi.

Taekvondo WT bo‘yicha o‘tkazilgan jamoaviy bahslarda yigitlarimiz bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, aralash jamoaviy bellashuvlarda termamiz Avstraliya, Koreya Respublikasi, Germaniya va Misr kabi terma jamoalarni yengib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarining 50 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha bellashuvda Eldorbek Usmonov 23.31 soniya natija bilan kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, mazkur usulning 100 metr masofadagi bellashuvlarida 51.84 soniyada marraga yetib keldi va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, Eldorbek mazkur natijalar orqali ushbu masofalardagi mamlakatimiz rekordini yangiladi.

Dzyudochilarimizdan Laziza Haydarova hamda Shukurjon Aminova o‘z vazn toifalarida bronza medaliga ega bo‘ldi. Shu tariqa, O‘zbekiston sport delegatsiyasi musobaqa yakunlariga ko‘ra, 4 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza, jami 15 ta medal jamg‘arib, 113 davlat orasida 13-o‘rinni egalladi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi, Osiyo qit’asi davlatlari qatorida to‘rtinchi bo‘ldi.
Har bir erishilayotgan muvaffaqiyatlarni avvalgilariga solishtirish muhim. Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston delegatsiyasi shu kunga qadar Universiada o‘yinlarida 4 ta oltin medalni qo‘lga kirita olmagan edi. Jumladan, sportchilarimiz 2021 yil Xitoyda o‘tgan o‘yinlarda 8 ta kumush, 6 ta bronza, 2019 yil Italiyada o‘tkazilgan dunyo talaba-sportchilari bellashuvlarida 2 tadan oltin va kumush hamda 4 ta bronza, 2015 yil Janubiy Koreyada o‘tgan o‘yinlarda bitta oltin, 2013 yil Rossiya mezbonligida o‘tgan Universiadada 2 ta oltin, 7 ta kumush, 10 ta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
Ha, bu galgi Universiada o‘yinlari o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Umid qilamizki, yana ikki yildan so‘ng Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan XXXIII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarida talaba-sportchilarimiz bundanda yuksak natijaga erishadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA