Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Nukus shahar hokimligi tashabbusi bilan “Toza shahar” aksiyasi boshlandi.
Yurtimiz bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekiston – yangi ekomakon” shiori asosida o‘tkazilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining mehnat jamoasi va talaba-yoshlaridan iborat uch mingga yaqin kishi faol ishtirok etmoqda.
Aksiya ishtirokchilari shaharning “Boyterak”, “Gone qal’a”, “Chimboy guzari”, “Yashil bog‘”, “Ko‘k o‘zak”, “Ota makon”, “Omonlik guzari”, “Toshloq”, “Telemarkaz”, “Aqjag‘is”, “Nao‘pir”, “Samanbay”, “Anasay”, “Qo‘shbuloq”, “Yakka terak”, “Juazshi” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida atrof-muhitni chiqindi va begona o‘tlardan tozalash, ariq-zovurlar yoqalarini, ekin maydonlarini ko‘chat ekishga tayyorlash, daraxtlar tagini oqlash kabi ishlarni olib bormoqda.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan aksiya ishtirokchilari bo‘lgan yoshlar uchun katta qozonlarda taomlar tayyorlandi, hudud aholisi ham ekologik tadbiriga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
“Toza shahar” aksiyasi ertaga ham davom etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri