Parkent tumanida “Birga mehr ulashamiz” shiori ostidagi xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy Iqtisodiy Hamkorlik uyushmasi tashabbusi bilan “Chotqol” madaniyat saroyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi va qator hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilgan xayriya tadbirida boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan, “Kambag‘allik reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlariga quvonch ulashdi.
Shu bilan birga, ularning dam olishini mazmunli tashkil etishga e’tibor qaratildi. Tadbir doirasida bolalar uchun madaniy dasturlar, interfaol o‘yinlar, bayramona ko‘ngilochar tomoshalar uyushtirildi.

***
Majburiy ijro byurosining Toshkent tumani bo‘limi ish yurituvida sudning hal qiluv qarori asosida qarzdor “M-SM-TRADE” korxonasidan undiruvchi Aloqa bank foydasiga 13,5 milliard so‘m kredit qarzdorligi undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud.
Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari jarayonida qarzdorga tegishli bo‘lgan noturar ko‘chmas mulk xatlanib, realizatsiya qilish choralari ko‘rilayotgan jarayonda qarzdor tomonidan jami kredit qarzdorlik to‘liq qoplandi. Tushgan mablag‘ bank foydasiga o‘tkazilib, ijro ishi amalda tamomlandi.

***
Bugungi kunda odam savdosi, noqonuniy migratsiya va majburiy mehnat kabi tahdidlarga qarshi kurashish borasida davlat tomonidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, “Istiqbolli Avlod” ijtimoiy-axborot markazi hamda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan kontrabandaga qarshi kurashish maqsadida “Navoiy” chegara bojxona postida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Chegara orqali harakatlanayotgan yo‘lovchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, odam savdosi va majburiy mehnatning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib borildi. Tadbir doirasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va nodavlat tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, kelgusidagi chora-tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

A.Musayev, O‘zA.