Kuzning musaffo tongi... Qadim minoralar zamonaviy imoratlar bilan yonma-yon qadr rostlagan Toshkentda iqtisodiy munosabatlar doirasini yorib chiqqan muhim voqelik ro‘y berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuv “Kelajak sari hamkorlik” shiori ostida o‘tdi.
Faqat raqamlar bilan ifodalanmaydigan uchrashuv
Shu yurtda ko‘p yildan buyon yashab kelayotgan arab jurnalisti sifatida mazkur tashrifni ikki delegatsiyaning shunchaki rasmiy uchrashuvi emas, balki O‘zbekistonning islohotchilik tafakkuri va Saudiya investitsiyaviy salohiyati o‘rtasidagi ramziy muloqot sifatida qabul qildim. Ishtirokchilar yuz-ko‘zida orzuni amaliy ishga aylantirish istagi, o‘ziga xos shijoat va intilish aks etardi. Barqaror rivojlanish yo‘lida dadil odimlayotgan O‘zbekiston Podshohlik timsolida g‘oyani loyihaga aylantira oladigan ishonchli sherik topdi.
Amaliyotga asoslangan hamkorlik
Prezident Shavkat Mirziyoyev kelishuvdan amaliy bosqichga o‘tish zarurligini qayd etib, saudiyalik investorlar uchun barcha sharoit yaratib berilishini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, vazir Al-Falih Toshkentdagi investitsiyaviy muhitni Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun namuna qilib ko‘rsatish mumkinligini qayd etdi.
Muzokara davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va infratuzilma sohalaridagi keng ko‘lamli tashabbuslar muhokama qilindi. O‘zbekistonda “yashil energetika” sohasida qiymati 15 milliard dollardan oshadigan loyihalar amalga oshirayotgan “ACWA Power” kompaniyasi eng yirik xorijiy investorlardan biri ekaniga urg‘u berildi.
Raqamlar ortidagi ishonch va qat’iy iroda
Bugun qo‘shma loyihalarning umumiy qiymati 27 milliard dollarni tashkil etmoqda. Shuning o‘zi ham Toshkent va Ar-Riyod o‘rtasidagi munosabat allaqachon shunchaki savdo sherikligi bosqichidan o‘tib, mutlaqo yangi, iqtisodiy ittifoqchilik darajasiga chiqqanini ko‘rsatadi. Ayni jarayonda investitsiya, bilim va ishonch asosida yo‘l, ko‘prik va fabrikalar barpo etilmoqda.
E’tiborlisi, Saudiya Arabistonining “Nigoh-2030” va “Yangi O‘zbekiston-2030” strategiyalari ko‘p jihatdan uyg‘un. Har ikki hujjat diversifikatsiyalangan iqtisodiyot, innovatsion jamiyat va faol davlatni shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Siyosiy va diplomatik o‘lchov
Uchrashuvning diplomatik ahamiyati ham beqiyos. Saudiya delegatsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd Muhammad bin Salmonning samimiy salomini yetkazib, Qirollik o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi. Hurmat yo‘g‘rilgan so‘zlar bilan “Munosabatlarimiz faqat hukumatlar o‘rtasidagi hamkorlik emas, balki din, til va mushtarak qadriyatlar bilan bog‘langan ikki qardosh xalq o‘rtasidagi aloqalardir”, dedi.
Osiyo yuragidan Arabiston nigohi
Bugun O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatar ekansan, beixtiyor, mamlakat mintaqaning yangi tarixini yaratayotganiga imon keltirasan, kishi. Toshkent Sharqning Sharq bilan muloqoti markazi, arab kapitali va Osiyo tashabbusi tutashgan maydonga aylanmoqda. Shu bois davlat rahbarining saudiyalik ishbilarmonlar bilan uchrashuvi nafaqat iqtisodiy voqelik, balki Arabiston – Osiyo hamkorligining yangi geografiyasini shakllantirishdagi muhim bosqichdir.
Xulosa: ishonch, tasavvur va inson
Ikki mamlakatni bugun shartnomalar bilan birga, o‘zaro ishonch, ma’naviy yaqinlik va farovonlik sari umumiy intilish birlashtirgan. Muqaddas Hijoz zaminidan Zarafshon vodiysigacha investitsiya va do‘stlik ko‘priklari barpo etilmoqdaki, bu mujdalar energiyasi toza, taraqqiyoti umumiy kelajak sari yetaklaydi.
Poytaxtlar osmon o‘par binolar soni bilan emas, ko‘priklar qurishga qodirligi bilan o‘lchanarkan, Toshkent va Ar-Riyod hurmat, ishonch va insoniy qadriyatlarga asoslangan hamkorlikning yangi davri uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Ahmad Jasim Al-Zubaydiy,
O‘zDJTU arab tili tarjimasi
nazariyasi va amaliyoti
kafedrasi o‘qituvchisi, professor