
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan Dilnoza Abdurasulova bugun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filiali dasturiy injiniring kafedrasi assistenti sifatida faoliyat yuritmoqda. Qahramonimz bu yil "Zulfiya" nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Dilnoza o‘zining tashabbusi bilan universitetda "Dasturchi qizlar" to‘garagini tashkil etgan. Mazkur to‘garak orqali u qizlarning dasturlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni axborot texnologiyalari sohasida faol bo‘lishlariga zamin yaratishni maqsad qilgan. Xususan, "Winners" nomli jamoasi bilan birgalikda ko‘plab xalqaro dasturlash loyihalarida ishtirok etib, qizlarning jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘sha olishini amalda isbotlagan.
— Yoshlik — orzu va intilishlarga qanot bo‘luvchi davr, — deydi Dilnoza. — Afsuski, ko‘pchilik yoshlar kelajagini oldindan tasavvur qila olmaydi, maqsad qo‘yishda qiynaladi. Shu bois, maktab davridan boshlab ularni kasbga yo‘naltirish, qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash juda muhim. Men ham dastlab bu yo‘nalishni tanlashda ikkilanib qolganman. Hatto ota-onamga "tikuvchilikka ketyapman" deb, aslida informatika to‘garagiga borib kelgan paytlarim bo‘lgan. "Uddalay olarmikanman?" degan qo‘rquvni yengishim uchun esa biroz vaqt kerak bo‘ldi.
Bugungi kunda Dilnoza bir nechta xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan. U xalqaro UNDP va Farg‘ona RTM hamkorligida tashkil etilgan xakatonda "Eng faol qiz" yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, "IT Ladies" tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan "IT Star" loyihasi va Yandex hamda "Technovation Girls" hamkorligidagi xalqaro xakatonlarda ham yuqori natijalarga erishgan.
<iframe width="791" height="433" src="https://www.youtube.com/embed/nQnyfAUX9HU" title="“Tikuvchilikka ketyapman” deb informatika toʻgaragiga qatnagan qiz – bugun mukofot sohibasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA