Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron Amir Temur haqida batafsil ma’lumot beruvchi eksponatlar, jumladan, Temurning uzugi, liboslari, qurol-aslahalari va temuriylar davriga oid nodir ilmiy manbalar mavjud.
Muzeydagi eksponatlar sig‘imi yuqoriligi va rang-barangligi xorijlik va mahalliy mehmonlarni doim o‘ziga jalb qilib kelgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida Amir Temur va temuriylarga alohida joy ajratilgan bo‘lib, bunda ekspozitsiyaning jozibador va xalqaro talablarga mos keluvchi maskan bo‘lishi kutilmoqda.
Ayni kunlarda Markaz tuzgan bir guruh olimlar tomonidan “Temur tuzuklari”ning qadimiy qo‘lyozmalari va nashrlarining nusxalari tayyorlanib, to‘planmoqda. “Temur tuzuklari” asosida Amir Temur davlatining ma’muriy-hududiy boshqaruviga oid materiallar yaratilishi rejalashtirilgan, deyiladi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida.
Ilmiy-innovatsion loyihalar O‘z FA Sharqshunoslik instituti, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi, WOSCU va Tashqi ishlar vazirligi va Rossiya FA Sharqshunoslik instituti, Tojikiston Milliy universiteti hamda qator xalqaro hamkorlar bilan birga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Loyiha haqida o‘z fikrlarini bildirar ekan:
– Odamlarni lol qoldirish, hayratga solish mushkul vazifaga aylangan zamonda yashayapmiz. Men ishonch bilan ayta olaman minglab olimlar, mutaxassislar ish olib borayotgan, mamlakat rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashrif buyuruvchilarni hayratlantira oladi. Ekspozitsiyada Sohibqiron imperiyasining rangdor “smart” xaritasi va “Temur tuzuklari”ning o‘nlab nashrlari jamlanadi. Amir Temur va temuriylarga oid ko‘plab eksponatlar yig‘ilib va Sohibqironning xorij rassomlari tomonidan chizilgan, ammo hali keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan suratlari namoyish etiladi, – dedi Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali.
A.RUSTAMOV, O‘zA