Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) mamlakatlari sog‘liqni saqlash vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qardosh davlat hukumati rasmiy axborot manbalari ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova TDT sog‘liqni saqlash vazirlari 5-yig‘ilishi yakuni bo‘yicha ma’ruza qildi.
Uchrashuvda a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Bosh vazir aholi salomatligiga tahdid solayotgan keng ko‘lamli tahdidlarga faqat muvofiqlashtirilgan harakatlar va yaqin hamkorlik orqali samarali javob berish mumkinligini ta’kidladi.
Muloqotda kelgusi ikki yilda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, favqulodda vaziyatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish, sil va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashish, farmakologiya sohasida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.