Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar asosida Hukumat qarori bilan tadbirkorlik faoliyatiga doir 1 600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilindi.
Qayd etilishicha, bunday keng ko‘lamdagi cheklovlarni bekor qilish ilk bor amalga oshirilmoqda. Xususan, veterinariya xizmati nazorati ostidagi 1 568 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha mahsulotga muvofiqlik sertifikati olish talabi bekor qilindi. Shuningdek, turizm xizmatlari ko‘rsatishda mazkur faoliyatga xos bo‘lmagan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ortiqcha cheklovlar olib tashlandi.
Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan importni amalga oshirishda tovar qiymatiga qo‘yilgan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi cheklov, turistlarga uy-joyni 30 kungacha ijaraga berish, shuningdek, yog‘ochdan mebel tayyorlashga oid ayrim talablar ham bekor qilindi.
Natijada tadbirkorlarning ma’muriy organlar bilan munosabatlaridagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar qisqartirilib, ularning xarajatlari, vaqti va resurslarini tejashga erishiladi.
Ma’lumot o‘rnida, ayni paytda Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestriga 36 mingdan ortiq talablar kiritilgan bo‘lib, Adliya vazirligi tomonidan sohalar kesimida ushbu talablarni bosqichma-bosqich qisqartirish va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘zA