Suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni tejash bugungi kunning engdolzarb masalalaridan biridir. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida samarali suvtejash texnologiyalarini joriy qilish unumdorlikni oshirish va ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishda muhimdir. Shu maqsadda tashkil etilgan “Suvchilar maktabi” faoliyati suvresurslarini tejash vaboshqarishni takomillashtirishga qaratilgan.
Qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan samarali foydalanish madaniyatini shakllantirish, “Suv – tekin emas” tamoyili asosida zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha bilim vako‘nikmalarni berish asosiy maqsad etib belgilandi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 1 dona pomidor yetishtirish uchun 13-20 litrcha suv kerak. 1 kg go‘sht yetishtirish uchun 15 000 litr suv kerak bo‘ladi. Tomchilatib sug‘orish texnologiyalari orqali esa suv sarfini bir necha barobarga kamaytirish mumkin.

Sohada amalga oshirilayotgan ishlarni keng tatbiq etish maqsadida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida press-tur o‘tkazildi. “Suvchilar maktabi” direktori Farhod Saidov press-tur doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirib berdi:
– “Suvchilar maktabi”ning asosiy maqsadi suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashdan iborat. Biz “Suv tekin emas” tamoyili asosida suv tejash texnologiyalarini joriy qilgan holda unumdorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi korxonalar xodimlarining malakasini oshirish bilan birga, o‘quv kurslari orqali suv tejash texnologiyalarini amalda qo‘llayotgan suv tejovchi kompaniya mutaxassislarining bilim saviyasini baholab, ularga maxsus sertifikatlar taqdim etmoqdamiz.

Kelajak rejamizda birinchi navbatda fermerlar va agroklaster rahbarlarini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash va bugungi kun talablariga mos o‘quv dasturlarini tashkil etish uchun maslahat kengashini tashkil etishni ko‘zlamoqdamiz. Bundan tashqari, boshqa soha vakillarini ham o‘qitishni rejalashtiryapmiz. Bu orqali barcha ishtirokchilarga suvdan to‘g‘ri foydalanish va “Suv tekin emas” tamoyili asosida isrofgarchiliklarning oldini olishga oid bilimlarni yetkazishni maqsad qilganmiz.
Shuningdek, xorij tajribasini o‘rganib, tinglovchilarimiz uchun chet elningprofessional mutaxassislarini jalb etish orqali o‘quv dasturlarimizni kengaytirmoqchimiz. Qo‘shni davlat mutaxassislarini ham o‘qitib, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarning transchegaraviy suv resurslarini adolatli va samarali boshqarishga o‘z hissamizni qo‘shishga intilamiz, – dedi Farhod Saidov.

So‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari, suv resurslarining tanqisligi va bozor talablarining o‘sib borayotgani ushbu masalaga ilmiy yondashuvlarni talab etadi. “Suvchilar maktabi” esa soha doirasida salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Misol uchun, respublikaning 13 ta hududidagi o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari bazasida 2023-2024 yillarda 15-20 gektarlik (jami 255 gektar) tajriba maydonlari tashkil qilindi.
Bunda maydonlar lazerli tekislandi, zamonaviy suv tejovchi sug‘orish tizimlari joriy etildi, boshqarish to‘liq avtomatlashtirildi va so‘nggi turdagi meteostansiyalar o‘rnatildi.
Natijada qishloq xo‘jaligi ekinlarining suv sarfi 44 foizga, ishchi kuchi 50 foizga, xarajatlari 21 foizga kamaygan hamda hosildorlik 31 foizga oshgan.
Bundan tashqari, 2025-2026 yillarda 155 ta tumanda 7 ming gektarda paxta va g‘alla yetishtirishga moslashgan tajriba maydonlarini joriy qilish boshlandi.
“Suvchilar maktabi” ta’lim va ko‘nikmalarni oshiruvchi loyiha bo‘libgina qolmay, mamlakatimizda suv xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlarning yaqqol isboti hamdir.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA