
Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida 190 ga yaqin davlatdan 2 000 ga yaqin delegat, xalqaro tashkilot vakili, nufuzli siyosatchilar ishtirok etyapti. Afrika qit’asi sharqida joylashgan Uganda Respublikasi Parlamenti a’zosi Susan Amero O‘zA muxbiriga O‘zbekistonning tashabbuslari, Parlamentlararo ittifoqdagi o‘rni haqida gapirib berdi.
– Ta’kidlash joiz, Parlamentlararo ittifoq (Inter-Parliamentary Union – IPU)ning 150-yubiley Assambleyasi shunchaki xalqaro tadbir emas. Bu O‘zbekistonning yangi tashqi siyosiy imiji, parlament diplomatiyasidagi muvaffaqiyati va xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi mustahkamlanishining amaliy ifodasidir. Qolaversa, tadbir muvaffaqiyatli o‘tishi har bir ishtirokchiga jiddiy mas’uliyat yuklaydi.

IPU nafaqat parlamentlar muloqoti va hamkorligi uchun samarali maydon, balki inson huquqi, gender tenglik, iqlim o‘zgarishi, yoshlar masalalari bo‘yicha global muammolarga yechim topish uchun muhim siyosiy maydon bo‘lib, muhokama qilingan masalalar jahon hamjamiyati e’tiboriga yetkaziladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning IPU, MDH, YeXHT, Turkiy davlatlar Parlament assambleyalari bilan amaliy hamkorligi ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Xususan, IPU parlamentlararo global hamkorlik borasidagi faoliyatida iqlim o‘zgarishiga nisbatan xalqaro darajadagi sa’y-harakatni yanada kuchaytirishga intilmoqda. Yurtingizning ayni yo‘nalishdagi global tashabbuslarini yuqori baholab, qo‘llab-quvvatlab kelyapti.

Qolaversa, Assambleya doirasida dunyo parlamentlari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi muhokamalarida O‘zbekistonning bu boradagi muvaffaqiyatli tajribasi ham boshqa davlatlar uchun foydali bo‘lishi shubhasiz.
Parlamentlararo ittifoq 150-yubiley Assambleyasining “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusidagi bugungi birinchi yalpi majlisda parlamentlar jahon miqyosidagi ijtimoiy muvozanatni tiklash, barqarorlik va adolatni ta’minlashda hal qiluvchi siyosiy institut sifatida faol ishtirok etishi zarurligi takidlandi. Majlis davomida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva nutq so‘zlab, O‘zbekistonning ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish borasidagi keng ko‘lamli tashabbuslari, xalqaro hamkorlik doirasidagi sa’y-harakatlariga to‘xtaldi. Umuman, IPU parlamentlarni barqaror va yangicha fikrlaydigan muassasalarga aylantirish, hamkorlikdagi faoliyatni kuchaytirish, jahon tinchligi va taraqqiyoti uchun mas’uliyatni baham ko‘rishga chaqiradi.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA