Surxondaryoda qurilish ishlari hajmi ortmoqda (+video)
Surxondaryo viloyatida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qurilish va infratuzilma yo‘nalishidagi ishlarning kengayishi viloyatning iqtisodiy salohiyatini oshirish, aholi turmush farovonligini yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda.
Joriy yilning yanvar – iyul oylarida Surxondaryo viloyatida jami 8 trillion 304,9 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110,2 foizni tashkil etdi.
Hisobot davrida yirik qurilish tashkilotlari tomonidan 762,1 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 143,6 foizga oshdi. Ularning umumiy hajmdagi ulushi 2,1 foizga ko‘payib, 9,2 foizni tashkil etdi.
Termiz shahrida barpo etilayotgan “Yangi Termiz City” majmuasi bu – faqatgina bino emas, balki shaharning yangi yuzi, rivojlanish sari tashlangan qadam hisoblanadi. Ushbu majmuada savdo markazlari, mehmonxonalar, ofis binolari, zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar, sun’iy ko‘llar, yer osti avtoturargohlari va ijtimoiy ob’ektlar qurilishi rejalashtirilgan.
Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivi va bog‘i – aholiga qulay yashash muhiti yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan yana bir yirik loyihadir. 55,5 gektar yer maydonida qurilayotgan ushbu majmuada 74 ta ko‘p qavatli uy, maktab, bog‘cha, oilaviy poliklinika va bog‘ barpo etiladi. Bu esa nafaqat aholini uy-joy bilan ta’minlash, balki ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashda katta ahamiyatga ega.
[gallery-25084]
Shuningdek, kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 4 trillion 609,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,5 foiz ko‘rsatkichga teng bo‘lib, ular umumiy hajmning 55,5 foizini egalladi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat hududning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirmoqda, balki joylardagi hayot sifatini yanada yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu loyihalar orqali aholiga yaqin va qulay, barqaror rivojlanayotgan muhit yaratilmoqda.
<iframe width="791" height="433" src="https://www.youtube.com/embed/bhzxXwUohmA" title="Surxondaryoda qurilish ishlari hajmi ortmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat, video), O‘zA