Sudan BMT Oliy sudida Birlashgan Arab Amirliklarini Darfur mintaqasida harbiylashtirilgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlab, Genotsid konvensiyasini buzganlikda aybladi. Bu haqda CNN yozdi.
Afrikaning ushbu davlati adliya vaziri vazifasini bajaruvchi Muaviya Usmon kecha Jahon sudi sifatida ham tanilgan Xalqaro sudga shunday degan:
– Mamlakatimiz g‘arbidagi masalit etnik guruhiga qarshi BAA ko‘magi va sherikligi bilan harbiylashtirilgan tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari tomonidan genotsid amalga oshirilmoqda.
BAA tomoni ayblovni rad etib, asossiz va siyosiy nazariya deb atadi. Da’voning hech qanday dalili yo‘qligi, Sudan fuqarolar urushida hech bir tomonni qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi.
– Yagona maqsadimiz Sudan xalqi azob-uqubatiga barham beradigan, butun mintaqa barqarorligini ta’minlaydigan tinchlikka erishish, – dedi arab mamlakati tashqi ishlar vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Reem Ketait.
2023 yil apreldan buyon Sudanning ikki eng qudratli generali – Qurolli Kuchlarga rahbarlik qilayotgan Abdul Fattoh Al-Burxon va harbiylashtirilgan guruhning sobiq ittifoqchisi Muhammad Hamdan Dagalo bo‘lingan davlat ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun qonli janjalni davom ettiryapti. Mazkur fuqarolar urushi dunyodagi eng dahshatli gumanitar falokatlardan biriga aylanib, mojaroni tugatishga qaratilgan diplomatik harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA