Sud islohotlarida yangi bosqich: sun’iy intellekt va malakali kadrlar
Jizzax viloyat sudida sudya va sud xodimlari uchun mamlakatimiz sud tizimidagi yangi islohotlar atroflicha muhokama qilingan seminar o‘tkazildi. Unda 2025 yil 21 avgustda Prezidentimiz tomonidan imzolangan ikki muhim farmonning mazmun-mohiyati batafsil muhokama qilindi.
Seminar davomida “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlov darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir chora-tadbirlar” hamda “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari”ga oid hujjatlar bo‘yicha tushunchalar berildi.

Ikkala farmonda ham sud tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini samarali joriy etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va malakali kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilgan. Tadbir ishtirokchilari mazkur chora-tadbirlar orqali odil sudlovning samaradorligi oshirilayotgani va fuqarolarning huquq va manfaatlari yanada ishonchli himoyalanayotganini ta’kidlashdi.
Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar orqali sud jarayonlarini avtomatlashtirish imkoniyatlari va sudyalar hamda sud xodimlari salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi bilimlar muhokama qilindi.

O‘zbekistonda sud tizimidagi ushbu islohotlar huquqiy davlat qurish, fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun ishonchli sud-huquq muhitini yaratish, odil sudlovni ta’minlash va sudlarning faoliyatini yanada shaffof hamda samarali qilishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarning davomidir.
Belgilangan ustuvor vazifalar – sun’iy intellektni keng joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va moddiy-texnik ta’minotni mustahkamlash orqali qonun ustuvorligi, adolat va fuqarolar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri