
Prezident tashabbuslari – amalda
Statistikaga ko‘ra, har yili sudlarda bir millionga yaqin nizosiz ishlar ko‘rilmoqda. Aytaylik, o‘tgan yili fuqarolik sudlarida kommunal qarzdorlik bo‘yicha ikki yuz mingga yaqin shunday ish ko‘rilgan. Soha mutaxassislari bu ishlarni, aslida, notariusda ham hal qilsa bo‘lishini ta’kidlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni sud faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda mana shu kabi holatlarga ham e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda nizosiz ishlarni ko‘rib chiqishni tegishli idoralarga o‘tkazish taklifi ham bildirilgan edi. Bu haqdagi fikrlarni quyiroqda davom ettiramiz. Hozir mamlakatimizda soha rivoji yo‘lida qilinayotgan ishlarga kengroq to‘xtalamiz.
Adolatli sud tizimi jamiyat barqarorligi va fuqarolar ishonchini ta’minlovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Sud faoliyatini yaxshilash, ochiqlikni ta’minlash va raqamlashtirish darajasini oshirish nafaqat fuqarolar uchun, balki davlatning taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligi, inson huquq va manfaatlarini ta’minlaydigan bu sohani har tomonlama takomillashtirish yo‘lida tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, keyingi sakkiz yilda sudlarga doir yetmishga yaqin hujjat – qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Sud idoralarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. E’tiborli jihati, aholining huquqiy ongi va madaniyati ham oshib bormoqda.
Islohotlar natijasi aniq raqamlar va erishilgan yutuqlarda yaqqol ko‘rinadi. Bugungi kunda sudga ariza berish, sud ishining holatini kuzatish, sud hujjatlaridan elektron nusxa olish kabi o‘n to‘rtta xizmat raqamlashtirildi. Oliy sudning maxsus portalida xizmatlar va undan foydalanuvchilar soni ko‘payib borayotganini ham qayd etish lozim. Shu paytgacha o‘n yetti millionga yaqin sud ishi axborot tizimlari orqali yuritilgan. Shuningdek, o‘n olti millionga yaqin ish sudyalarga inson omilisiz taqsimlangan. O‘tgan yilning noyabr oyidan boshlab, sudlarning ichki hujjatlar aylanmasi to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Natijada qisqa davrda davlat byudjetidan ajratiladigan talaygina summa iqtisod qilingan.
Davlatimiz rahbari sohani takomillashtirishga doir bu kabi ishlarni izchil davom ettirish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish kerakligini alohida ta’kidladi. Xususan, yig‘ilishda sud muhokamasining taxminiy natijasi va ketadigan xarajatlarni oldindan aniqlab berish, huquqiy yordam bo‘yicha virtual maslahatchini yaratish, tayinlangan jarimalarni onlayn kuzatish va elektron shaklda to‘lash kabi imkoniyatlar odamlarga katta qulaylik yaratishi qayd etildi. Prezident sun’iy intellektdan foydalanib, bu kabi ko‘plab yangiliklarni joriy etish mumkinligiga e’tibor qaratgan edi.

– Davlatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda sud faoliyatini raqamlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan topshiriqlar bergan edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi boshqarma boshlig‘i Jasur Umarov. – Topshiriqqa ko‘ra, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Buning uchun Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. U sudlarga zarur bo‘lgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar yaratish, sun’iy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlik sub’ektlari bilan sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi. Sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasi qilinadi. Bu sudlarga ham, fuqarolarga ham qulayliklar yaratadi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida ishlarni ko‘rib chiqish tezkorligi oshadi.
Prezident sudyalar malakasi, jumladan, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, yosh kadrlarni shu jihatlardan yetuk etib tayyorlash zarurligini ham alohida ta’kidladi. Bu borada mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Raqamlashtirish jarayonlari orqali sud ishlari tezkorlik bilan ko‘rib chiqiladi. Bu esa fuqarolarning sudlarda sarflaydigan vaqtini tejaydi va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi. Masofadan turib sud jarayonlarida ishtirok etish va hujjatlar almashinuvini avtomatlashtirish orqali samaradorlik sezilarli darajada oshadi.
Bu jarayonlar jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga ham hissa qo‘shadi. Odamlar o‘z huquq va majburiyatlari haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishadi. Bu esa jamiyatda huquqiy munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri