
Bahorning iliq kunlaridan biri. Maysalar tanasidagi billur shodalar uch kunlik kelinchak bo‘ynidagi munchoq yanglig‘ qir-adirga go‘zallik bag‘ishlab turibdi. Quyoshning zarrin nuridan bahra olib o‘tiribman. Nariroqda kichik maydonchada bolalar futbol o‘ynayapti.
Sherigi o‘rniga tushish tadorigini ko‘rayotgan bolaning yoniga borib, gapga soldim:
– O‘yin qanday kechyapti?
– Zo‘r, men hujumchiman, kecha ikkita gol urdim, – mag‘rurlanib javob berdi u.
– Ajoyib. Demak, 7-raqamda o‘ynarkansiz-da?
– Yo‘q, futbolkamga 14 yozdirganman.
– Nega? Axir, Krishtianu Ronaldu 7 da o‘ynaydi-ku! Yoki 10 bor, Messiga tegishli.
– Eldor Shomurodov o‘ynaydi 14-raqamda, shuning uchun tanlaganman.
– Menga esa 45 ma’qul, Abduqodir Husanovdek himoyachi bo‘lmoqchiman, – deya suhbatimizga qo‘shildi ikkinchi bolakay.
Dunyoni zabt etayotgan akalari bilan g‘ururlanayotgan bu yigitchalar bilan ko‘proq gaplashmoqchi edim. Afsuski, navbati kelgach, ular maydon tomon yugurishdi. Men esa bexos o‘ylanib qoldim: sportda faxrlanish hissi, kuchli motivatsiya, qolaversa atrofdagi muhit muhim ekan-da.
Hujumda “bo‘ri”, tezlikda tengsiz “Roma” xaloskori

Surxondaryoning Jarqo‘rg‘onida tug‘ilib o‘sgan Eldor Shomurodov bugungi kunda Italiya A seriyasi “Roma” klubi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi. Tahlilchilar fikricha, u o‘ng oyoqda tepish va uzatishda “ustasi farang”. Jismonan kuchli, yakka kurashda beqiyos. Shuningdek, tezkorligi, to‘pni yon chiziqdan voleybolchilardek kuchli irg‘itishi bilan ajralib turadi.

“O‘zbek Messisi” Eldor 11 yoshida Termizdan 300 km shimolda joylashgan Muborak shahridagi “Mash’al” futbol klubi akademiyasida o‘qiy boshladi. 19 yoshida asosiy tarkibga jalb etildi va murabbiylar e’tiboriga tushdi. 2015 yil boshida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasiga o‘tdi va shu jamoada 2017 yil iyun oyigacha 96 o‘yin o‘tkazib, 20 ta gol urdi. Mamlakat chempionati kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Shundan so‘ng Shomurodov Rossiyaning “Rostov” klubida to‘p suradi va xalqaro transfer mutaxassislari nazariga tushadi. E’tiborli jihati, 2019 yil avgustda Rossiya Premer-ligasida “Oyning eng yaxshi futbolchisi” deb topiladi. Keyin uning Italiya bo‘ylab sayohati boshlanadi.
2020 yil oktyabrda futbolchimiz “Jenoa“bilan shartnoma imzolaydi, 30 noyabr kuni “Parma“ga qarshi o‘yinining ikkinchi yarmida ilk golini nishonlaydi. 2021 yil yozda 18 million yevro evaziga “Roma“ga transfer qilingan Shomurodov mashhur murabbiy Joze Mourino qo‘l ostida daslabki mavsumdagi 40 uchrashuvda 5 gol urdi va “bo‘rilar” safida UEFA Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqdi.

2022-23 yilgi mavsumda kam o‘yin amaliyoti tufayli qishki transfer vaqtida A Seriyaning boshqa bir jamoasi – “Spetsiya” klubiga ijara asosida o‘adi. So‘ngra “Kalyari” taklifini qabul qiladi va 2023 yil 27 iyul sanasida 1+3 ko‘rinishida shartnoma imzolaydi. Ayni payt yana rimliklar safiga qaytgan Shomurodovning transfer qiymati 6 million yevroga baholanmoqda.
Qayd etish joiz, 29 yoshli Eldor klubning “fevral oyidagi eng yaxshi futbolchisi” deb topildi. U klub rasmiy saytidagi ovoz berish jarayonida Dibala, Anxelino, Chelik va Suleni ortda qoldirdi.

“Roma” UEFA Yevropa ligasi 16-turi dastlabki o‘yinida Ispaniyaning “Atletik” klubini so‘nggi daqiqalarda Eldor Shomurodovning goli evaziga mag‘lub etdi. Afsuski, javob o‘yinida rimliklar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Hamyurtimiz 61-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, o‘yinni jonlantirishga ko‘p urindi, biroq uning harakatlari vaziyatni o‘nglash uchun yetarli bo‘lmadi.
Maydonda jangchi, tashqarida kamtar o‘zbek

O‘ziga nisbatan talabchanligi, o‘yin uslubi va kamtarligi bilan ajralib turadigan futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov ayni payt Angliyaning “Manchester City” klubi safida o‘ynayapti.
Aynan Abduqodir sabab bugun yurtimizda “shaharliklar” ishqibozlari kun sayin ko‘paymoqda. Quvonarlisi, mashg‘ulot paytida jamoaning har bir azosi hamyurtimizga dalda bermoqda. O‘yinni-ku, gapirmasayam bo‘ladi: yulduzlar ham qo‘llab-quvvatlab, tribunadagi fanatlar “Abduqodir, olg‘a, biz sen bilan” deya hayqirmoqda.
Yigirma yoshli yigitning otasi Hikmat Hoshimov ham sobiq futbolchi, hozir “Bunyodkor” akademiyasida murabbiy. Oiladagi muhit, sportga alohida e’tibor yosh Abduqodir hayotida hal qiluvchi o‘rin egallagan, deyish mumkin.

Husanovning futboldagi faoliyati yetti yoshida “Tosh kuch” klubidan “Bunyodkor” akademiyasiga o‘tgach, avj oldi. Abduqodir bir necha yil yoshi kattaroq – 2002-2003 yillarda tug‘ilganlar jamoasida to‘p surdi. Garchi, 2004 yil 29 fevralda tug‘ilgan bo‘lsa ham. Ilk murabbiyi Sergey Chigodayev aytishicha, jismonan juda kuchli bo‘lmasa-da, bu yigit tez chiniqqan.

17 yoshida Husanov Belarusga – “Energetik-BGU” klubiga yo‘l olib, bir yil davomida faqat mashg‘ulotda ishtirok etdi, o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘ynadi va 18 yoshga to‘lishini kutdi. Nihoyat, 2022 yil mart oyida jamoadagi debyutini “Vitebsk” klubiga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda o‘tkazdi. Minskdagi faoliyati davomida u xalqaro sport ekspertlari nazariga tushdi. E’tiborli jihati, 2022 yil avgust oyida Xalqaro sport tadqiqotlari markazi ma’lumotiga ko‘ra, Husanov dunyoning eng istiqbolli futbolchilari ro‘yxatiga kiritildi.
Shundan so‘ng, xorijiy OAVda futbolchiga Fransiyaning “Lans” jamoasidan qiziqish bildirilgani haqida xabarlar tarqaldi va A.Husanov 2023 yil 24 iyul sanasida mazkur klub bilan shartnoma imzoladi.

Qayd etish joiz, u Fransiyaning Oliy divizioni – Liga 1 darajasida o‘ynagan tarixdagi birinchi o‘zbekistonlik futbolchi. 2024 yil oktyabrda Husanov Liga 1 ning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Shuningdek, 2024-25 yilgi mavsumning dastlabki yarmida atigi 16 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatma amalga oshirganiga qaramay, Fransiya chempionati ramziy jamoasiga kiritildi. Abduqodir ushbu klubda 2024 yil oxiriga qadar faoliyat yuritdi va tajribasi ancha oshdi.
Turli shov-shuvlar ketidan 2024 yil dekabr oyida ko‘plab chet el nashrlari Husanovga Yevropaning bir necha grand klubi qiziqish bildirayotganini yozib chiqdi.
Nihoyat, 2025 yil 20 yanvarda Abduqodir to‘rt yarim yillik shartnoma asosida jami 50 million yevro evaziga Angliyaning “Manchester Citi” klubiga o‘tdi va Premer-liga klubi bilan shartnoma imzolagan birinchi o‘zbekistonlik futbolchiga aylandi. Aytish kerak, tomonlarda o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirish imkoni bor.

Futbol xaritasida endigina paydo bo‘layotgan mamlakat vakili bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi chindan ham amaldagi Angliya chempioni tarkibiga o‘tishi futbolchi va uning vatandoshlari uchun aql bovar qilmas voqea, deyish mumkin.
Klubga o‘tgach, o‘zbekistonlik himoyachi Pep Gvardiola qo‘l ostida matonati, tezkorligi va himoyadagi ishonchli harakatlari bilan muxlislar qalbidan joy oldi. Klub matbuot xizmati fevral oyi yakuniga ko‘ra, oyning eng yaxshi futbolchisi nomi uchun so‘rovnoma o‘tkazdi. Quvonarlisi, nomzodlar ro‘yxatiga Abduqodir Husanov ham kiritildi va “Siti”dagi ilk oyidayoq jamoa hujumchisi Erling Xoland va chap qanot himoyachisi Yoshko Gvardiol bilan oy laureati sovrini uchun kurashdi.

Bir hafta davomida o‘tkazilgan ovoz berish yakuniga binoan, Abduqodir Husanov klubning fevral oyidagi eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi. Uning mashhur futbolchilarni ortda qoldirib, so‘rovnomada g‘olib chiqishida yurtdoshlarimiz ham ovoz berish jarayonida faol bo‘lgani muhim ahamiyat kasb etdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu yutuqlar nafaqat Shomurodov va Husanovning iqtidorini namoyish etadi, balki o‘zbek futbolchilarining Yevropadagi o‘rni, ta’siri ortib borayotganini ham ko‘rsatadi. Bu muvaffaqiyatlar minglab yoshlarimizni ilhomlantirishi barobarida mamlakatimizning jahon darajasidagi iste’dodlarni yetishtirish salohiyatidan darak beradi.
O‘tkir Mirzo tayyorladi.
O‘zA